Samarqand davlat universiteti sport faoliyati va san’at fakulteti talabasi, erkin kurash bo‘yicha yoshlar olimpiadasi hamda Osiyo o‘yinlari kumush medali sovrindori, yetti karra O‘zbekiston chempioni,  Islom Birdamlik o‘yinlarida(2022 yil) kumush medal sohibasi Shohida Ahmedova bilan suhbat

    -Nega aynan erkin kurashni tanlagansiz?

    -Bu sport turini tanlashimga eng asosiy sababchi – dadam. Dadam sportchi bo‘lishimni xohlab,  meni sport to‘garagiga olib borgan. Avvaliga kurashning yunon-rum turiga qatnardim. Ammo bu turda qiz bola bo‘lmaganligi sababli erkin kurashga o‘tganman. Bu sport turiga qiziqib ketishimda esa hozirgi trenerim Salomat Ko‘chimova muhim o‘rin tutgan. 

    -Eng esda qolarli  g‘alabangiz qaysi?

    -Argentinada bo‘lib o‘tgan o‘smirlar olimpiadasiga yo‘llanma beruvchi Osiyo chempionatida erishgan muvaffaqiyatim men uchun eng esda qolarli hisoblanadi. Qoidaga muvofiq, o‘smirlar olimpiadasiga yo‘llanma finalga chiqqan ikki ishtirokchiga berilardi. Astoydil harakat qilib, mongoliyalik kuchli raqibimni yengib, yo‘llanmani qo‘lga kiritish baxtiga muyassar bo‘lganman. Keyin Argentinadagi olimpiadada ishtirok etib, u yerda ham ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdim.

    -Mag‘lubiyatni qanday qabul qilasiz?

    -Ba’zida yaxshi, ba’zida yomon... Mag‘lubiyat meni yanada kuchli harakat qilishga undaydigan omil. Mag‘lubiyatning dastlabki onlarida tushkunlik bo‘lishi tabiiy. Ammo, buni to‘g‘ri qabul qilishga harakat qilaman. Albatta bu holatda birinchi o‘rinda o‘zimni aybdor deb bilaman. Islom birdamlik o‘yinlarida turkiyalik sportchi Zeynep Yetgil bilan final kurashida g‘alabani boy berdim. Musobaqaga tayyorgarlik jarayonida murabbiylarim raqibim mezbon jamoa vakili bo‘lgani uchun xato qilishim mumkin emasligi, hakamlarga noto‘g‘ri baholashga imkon bermasligim kerakligini qattiq tayinlagandi. Ammo baribir ustunlik raqib tomonda ketdi. Kumush medal nasib qildi. Umumjamoa hisobida 3 ta kumush, bitta bronza medalini qo‘lga kiritdik. Albatta, oltin medaldan umid bor edi. Musobaqaga chempion bo‘lish niyati bilan kelgandim. Mag‘lubiyatni dastlab ko‘z yosh bilan qabul qilgan bo‘lsam ham tezda o‘zimni tutib oldim. Murabbiylarim, sening bu medaling biz uchun oltin medalga teng, deyishdi.

    -Ota-onangiz-chi? Ular qanday qabul qildi?

    -Ota-onam uchun yutqazish-yutqazmasligimdan qat’iy nazar har bir musobaqam – oltin medal. Ular hech qachon mag‘lubiyatimdan xafa bo‘lishmagan. Har doim meni qo‘llab-quvvatlab, duo qilib turishadi.

    -Sport siz uchun...?

    -Sport men uchun imkoniyatlar maydoni. Hayotda o‘z o‘rnimni topish, dunyoga chiqish imkoniyatini beradigan ko‘prik. Mana, sport orqasidan jahonni ko‘ryapmiz, dunyo kezyapmiz, yangi do‘stlar orttiryapmiz. Hech narsa oson emas, albatta. Mashg‘ulotlarda jarohat olishlar, ustozlarning koyishlari, oila va ota-onadan uzoqda yurish qiyin. Lekin musobaqada erishgan bitta g‘alaba tufayli hammasini unutamiz.

    -Sportni tark etish haqida o‘ylagan vaqtingiz bo‘lganmi?

    -Hali bu haqda o‘ylab ko‘rmaganman.

    -Sport ayol kishiga nima bera oladi? O‘zi qiz bola uchun sport kerakmi?

    -Albatta, kerak! Sport odamga, avvalo, o‘ziga va hayotga nisbatan ishonch, maqsad sari harakat qilishga kuch beradi. 

    -Bugungi O‘zbekistonda erkin kurash qay darajada rivojlanyapti?

    -Avvalo, bu sport turiga muhtaram Prezidentimiz juda katta e’tibor qaratmoqda. Shunga muvofiq sportchilar tomonidan erishilayotgan natijalar ham kundan-kunga yaxshi tomonga o‘zgarib boryapti. Shuning uchun O‘zbekistonda kurash yaxshi rivojlanmoqda.

    -Qo‘lga kiritgan muvaffaqiyatlaringizda Samarqand davlat universitetining o‘rnini qanday baholaysiz?

    -Erishgan natijalarimda universitetimizning o‘rni juda katta. Samarqand davlat universiteti sportchi talabalarni hamisha qo‘llab-quvvatlaydi va  musobaqalarga tayyorgarlik ko‘rish, sport bilan shug‘ullanish uchun yetarlicha imkoniyat yaratib beradi. Fursatdan foydalanib, universitetimizga, qadrdon ustozlarim jamosiga o‘zimning samimiy minnatdorligimni bildirib qolaman.

    -Kelgusidagi rejalaringiz?

    -Sentyabr oyida Serbiyada o‘tkaziladigan chempionatda ishtirok etaman. Oldinda oktyabrda 23 yoshgacha bo‘lgan qizlar o‘rtasida o‘tkaziladigan jahon chempionati ham kutib turibdi. Undan keyin Parij olimpiadasiga yo‘llanma beruvchi chempionatda ishtirok etib, olimpiada yo‘llanmasini olish va Olimpiada chempionligini qo‘lga kiritish – eng oliy maqsadim.

Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi
Iroda Bekmurodova suhbatlashdi.