Hokim talabalar bilan uchrashdi…

Pastdarg‘om tumani hokimi Sherzod Raxmonov Samarqand davlat universitetida tahsil olayotgan pastdarg‘omlik talabalar bilan muloqot qildi.
Uchrashuvdan asosiy maqsad talabalar bilan yaqindan tanishish, fikr va takliflarini o‘rganish, bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash bo‘yicha tavsiyalar va amaliy yordam berishdan iborat.
Tadbirda Samarqand davlat universiteti o‘quv ishlari bo‘yicha birinchi prorektori Ahmadjon Soliev, Pastdarg‘om tuman hokimining o‘rinbosari Dilmurod Mamatqulov, maktabgacha va maktab ta’limi mudiri Muzaffara Abdieva, kambag‘allikni qisqartirish va bandlikni ta’minlash bo‘lim boshlig‘i Toxir Qosimov ham ishtirok etishdi.
Bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash masalalari muhokama qilindi. Hokim talabalar bilan ochiq suhbat qurib, ularning qaysi kasb yoki sohaga qiziqishini o‘rgandi. Bitiruvchilar bandligini ta'minlash bo‘yicha hokimiyat, bank va korxona rahbarlaridan iborat maxsus komissiya tuzilganligi ta’kidladi.
Uchrashuv davomida talabalar kasbiy amaliyot, tuman hududida biznes boshlash uchun berilayotgan imtiyozlar, yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash dasturlari haqida savollar bilan murojaat qildi. Mutassadilar savollarga atroflicha javob berib, munosib ish bilan ta'minlash uchun imkoniyatlar mavjudligini bildirdi.
Tadbir yakunida talabalar tomonidan ilgari surilgan takliflar inobatga olinib, ularni kelgusida amalga oshirish bo‘yicha yo‘nalishlar belgilab olindi. Hokim yoshlar uchun shu kabi ochiq muloqotlar muntazam o‘tkazib turilishini va ularning har bir fikri e’tiborga olinishi muhimligini ta’kidladi.
Ma’lumot uchun, Samarqand davlat universitetida kunduzgi va sirtqi ta’lim yo‘nalishida 650 ga yaqin pastdarg’omlik talabalar tahsil olmoqda.
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati,
Shavkat AKRAMOV olgan suratlar.