“Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari”
Samarqand davlat universiteti xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahat kengashi hamda yuridik fakulteti tashabbusi bilan “Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Tadbirni SamDU xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahat kengashi raisi, rektor maslahatchisi Sharofat To‘xliyeva ochib berdi. Shundag so‘ng, gender tenglik bo‘yicha faol ayollardan “Oqila ayollar harakati” yetakchisi Jamila Sayfiddinova, Samarqand shahar “Nuroniy” jamg‘armasi raisi Gulbahor Husainova, yuridik fanlari nomzodi Yorqinoy Sodiqovalar xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rni va mavqeyini yanada yuksaltirish, yangilanib borayotgan O‘zbekistonda gender tenglikning huquqiy asoslari mavzularida maʼruza qildilar.
– Gender tenglik – jamiyatda erkaklar va ayollar o‘rtasida teng huquqlilikka erishish uchun teng ijtimoiy imkoniyatlarni yaratishdan iborat, - deydi SamDU davlat huquqiy fanlar kafedrasi mudiri, yuridik fanlari nomzodi Yorqinoy Sodiqova, -Gender tenglik xotin-qizlar va erkaklarning inson huquqlari, shu jumladan, zo‘ravonlikdan holi bo‘lgan, oila va jamiyatda xavfsiz va qulay sharoitda hayot kechirish huquqlari himoyalanishini o‘z ichiga oladi. Ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy sohalarda xotin-qizlar hamda erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlarni taʼminlash jamiyatda barqarorlikni saqlashning asosiy omillaridan biridir. Shu boisdan mazkur mavzu bugungi davrning dolzarb masalalari qatorida baholanmoqda...
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati.
Shavkat Akramov olgan suratlar.