Shu kunlarda respublikamizga noodatiy sovuq havo oqimi kirib kelayotganligi barchaning diqqat markazida. Ayniqsa, hafta o‘rtasida havo haroratining keskin  pasayishi kutilmoqda. Bunday sharoitda  qorasovuqning salbiy taʼsirini kamaytirish va uni yumshatish choralarini ko‘rish juda zarur. Bu borada bog‘ va xonadonlarimizdagi mevali daraxtlarni, ayniqsa o‘tgan kuz faslida qadalgan nihollarni sovuqdan asrashga har birimiz eʼtiborli bo‘lishimiz kerak. Buni amalga oshirish uchun esa xalqimiz orasida sinovdan o‘tgan va qo‘llash oson bo‘lgan tadbirlar bor. Bunday tadbirlar orasida eng muhimlariga taʼrif berib o‘tamiz.

    Bog‘larni sovuqdan asrashda keng qo‘llaniladigan tadbirlardan biri, bu - tutun hosil qilish. Bunda mahalliy sharoitda keng tarqalgan somon, shox-shabbalar, barg xazonlaridan uyum hosil qilib ularni tutatish daraxt va nihollarni sovuq urishidan saqlaydi. Shuningdek, chorva mollari tezaklaridan foydalanib ham tutun hosil qilish bog‘larda sovuqning taʼsirini kamaytirishga sezilarli darajada xizmat qiladi.

    Yosh daraxtlarni sovuqdan asrash uchun qop kiyidirish amaliyoti ham xalqimiz orasida keng qo‘llaniladi. Bunda qop lattali materialdan bo‘lishi tavsiya etiladi.

    Sovuqning taʼsirini kamaytirishning yana bir usullaridan biri bog‘ qator oralarini sug‘orish hisoblanadi. Bunda suv harorati havo haroratidan yuqori bo‘lganligi uchun  ushbu hududdagi havo haroratini yumshatishga xizmat qiladi. Ikkinchi tomondan hosil bo‘lgan suv bug‘lari yerning va daraxtlarning nurlanishini kamaytiradi hamda havo haroratini pasayishiga yo‘l qo‘ymaydi.

    Quyida respublikamizda keng tarqalgan mevali daraxtlar va ularning sovuqqa chidamliligi bo‘yicha ayrim maʼlumotlarni keltirib o‘tamiz.

Shaftoli – sovuqqa chidamsiz, bir yillik novdalari -22-26 оС da nobud bo‘ladi.

Olma - janubiy navlari harorat 32-35оС dan past bo‘lganda, baʼzilari esa - 21 оС da nobud bo‘ladi.

O‘rik – yog‘ochligi yaxshi pishgan bo‘lsa, - 30 оС gacha chidaydi.

Gilos - sovuqqa chidamsiz, - 28 оС da sovuq uradi.

Yong‘oq - bir yillik ko‘chatlari -25-26 оС da nobud bo‘ladi.

Anor- harorat 12-15оС gacha pasayganda bir yillik novdalari, 15-16оС da shox-shabbalari qattiq zararlanadi,18 –20 оС da barcha yer ustki qismi nobud bo‘ladi.

Anjir - harorat 15оС da bir yillik yangi novdalarini, - 16оС da ko‘p yillik shoxlarini, -18 оС da esa o‘simlikning ildiz bo‘g‘zigacha bo‘lgan yer ustki qismini sovuq uradi.

Xurmo-sovuqqa chidamligi jihatdan  subtropik o‘simliklardan ustun turadi, shox-shabbasi -18-20 оС da anchagina zararlanadi.

    Yuqorida ko‘rsatilgan harorat asosan voyaga yetgan daraxtlarga nisbatan olingan. Ushbu mevali daraxtlarning yangi ekilgan ko‘chatlari esa yuqorida ko‘rsatilgan haroratlarda ko‘proq zarar ko‘rishini eʼtiborga olish zarur. 

Baxrom Xolmirzayev,

Davlat Normurodov

Samarqand davlat universiteti

Agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi instituti  dotsentlari.