Millat uchun hayot-mamot masalasi
O‘zbekistonning milliy g‘oyasi qanday bo‘lishi kerak? Uning negizida sifatli ta’lim, samarali ilm, milliy manfaatlar mujassam bo‘lishi shart!
Bugun biz nihoyatda murakkab, tahlikali, tahdidli va tajovuzkor dunyoda yashayapmiz. Jahonda yuz berayotgan voqea-hodisalar, beqaror siyosat, gegemonlik vasvasasi, o‘zaro ziddiyatlar, millatchilik kabi bo‘hronlar bizdan har qachongidan-da ko‘proq milliy mustahkamlikni talab etmoqda. Milliy birlik esa yuksak milliy g‘oya zamirida shakllanadi, millatni yagona maqsad yo‘lida birlashishga da’vat etadi.
Xo‘sh, O‘zbekistonning milliy g‘oyasi qanday bo‘lishi kerak? Mazkur savolni hozirgi taloto‘pli davrda hayotning o‘zi oldimizga ko‘ndalang qo‘ymoqda. Zero, milliy g‘oya barcha maqsad-muddaolarimizning kaliti hisoblanadi. Gʻoyasizlik yoki ikkinchi darajali g‘oya millatni zaif qiladi, turg‘unlikka yetaklaydi. Agar do‘ppini boshdan olib, teran mulohaza yuritsak, tevarak-atrofga nazar tashlaydigan bo‘lsak, dunyoning rivojlangan mamlakatlari hayotidagi barcha buyuk tarixiy hodisalar tag-zaminida to‘g‘ri tanlangan va o‘zgarmas milliy g‘oya mujassam ekanligiga ishonch hosil qilamiz.
Shu ma’noda, O‘zbekistonning milliy g‘oyasini ilgari surish payti keldi. Bizningcha, u sifatli ta’lim va samarali ilm-fan negizida yuqori intellektual darajali avlodni tarbiyalashdan iborat bo‘lishi maqsadga muvofiqdir. Chunki yuqori intellektual darajali avlodning paydo bo‘lishi, jamiyatning barcha bo‘g‘iniga kirib borishi, mamlakatdagi mavjud sohalarning ijobiy o‘zgarishiga, yangilanishiga, rivojlanishiga, taraqqiy etishiga olib keladi.
Buyuk Sharq faylasufi Konfutsiy “Bilimsizlik insoniyat uchun eng qorong‘i tundir”, deganida ming karra haq. Negaki, ilm insoniyatni yuksaklikka ko‘tarsa, bilimsizlik uni faqat tubanlik, jarlik sari yetaklaydi. Bunga insoniyat tamaddunida misollar juda ko‘p. Shuning uchun ertasining farovon bo‘lishini o‘ylagan jamiyat ilm sari intiladi, yosh avlodga bilim o‘rgatish, ziyo tarqatish payidan bo‘ladi.
Mantiqan olib qaraganda, yuqori intellekt bu — cheksiz kuch-qudrat, millat tafakkurida yuz beradigan inqilobdir. U millat ongidagi barcha illatlarni ayovsiz sidirib tashlaydi. Eng asosiysi, yuqori intellekt insonga Vatanni tanish, anglash imkonini beradi. Yuqori intellekt egasi o‘z millati, o‘z mamlakati bilan faxrlanadi. Uning manfaati uchun kurashadi. Hayotini mana shu maqsadga bag‘ishlaydi.
“Hamma sa’y-harakatlarimiz tagida ta’lim bor. Qaysi hududga borsam, yoshlar bilan, katta-katta korxonalardagi ishchilar bilan suhbatlashaman. Ulardan «Sizni nima qiynaydi» deb so‘rasam, bilim yetishmasligini aytadi. Rivojlangan davlatlar bugungi iqtisodiyotiga qanday erishgan? Bilim evaziga! Shuning uchun avvalboshdan ta’limni yaxshilashga harakat qilyapmiz. 2023-yilga “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”, deb nom berdik. Endi maktablarimizga mutlaqo yangi muhit va sifat kirib kelishi kerak”, — degan edi Prezidentimiz.
Darhaqiqat, Yangi O‘zbekistonni barpo etish, Uchinchi Renessansni bunyod qilish, erkin va farovon jamiyat qurish yo‘lida belgilab olgan ulkan maqsadlarga qanchalik tez erishishimiz millatning bilim va tafakkuri, salohiyatiga bog‘liq. Singapur moʻjizasining asoschisi Li Kuan Yu aytganidek, “Iste’dodli insonlar mamlakatning eng bebaho boyligidir”.
Masalaga ana shu nuqtai nazardan yondashsak, O‘zbekistonning milliy g‘oyasi ta’lim, ilm-fan, intellektual darajasi baland avlodni voyaga yetkazishi tarixiy zaruratdir.
Tan olamiz. O‘zbekiston mustaqil bo‘lgandan so‘ng “milliy g‘oya” deb nomlangan g‘oya o‘rtaga tashlangan edi. Ammo mavhumlikka yo‘g‘rilgan bu g‘oya, xalqimizga singmadi, millatning milliy g‘oyasiga aylanmadi. Eng alamlisi, hayotimizni yaxshilamadi. O‘zgartirmadi. Chunki bizga “milliy g‘oya” deb tiqishtirilgan g‘oyaning aniq maqsadi yo‘q edi. Balandparvoz gaplardan iborat edi, xolos. U bilan hayot o‘rtasida juda katta farq bor edi.
Xalqimiz yo‘lsizlik uzra muallaq qolgach, Prezident Shavkat Mirziyoyev milliy g‘oya borasida amaliy ishlarni boshladi. Uning asl ma’no-mazmuni quyidagilardan iborat: Biz ma’rifatparvar bobolarimizning muqaddas orzularini ro‘yobga chiqarish uchun mamlakatimizda yangi Renessans poydevorini yaratishni strategik vazifa qilib belgilaganmiz. Shu maqsadda ilm-fan, ta’lim-tarbiya, madaniyat sohalarida tub islohotlarni amalga oshirmoqdamiz. Bu borada avvalo, ta’lim tizimini zamon talablari asosida tashkil etish, o‘qituvchi va murabbiylarning jamiyatimiz hayotidagi o‘rni va ta’sirini kuchaytirishga ustuvor ahamiyat qaratmoqdamiz...
Bugun ilgari surilayotgan milliy g‘oya asosi sifatli ta’lim va samarali ilm-fanga qurilayotgani bejiz emas, albatta. Sababi, o‘tgan davr ichida ilm-fanni ham, ta’lim tizimini ham boshi berk ko‘chaga olib borib qo‘ydik. Muallim, olimning obro‘sini yer bilan bitta qildik. O‘qish-o‘qitish ishlari butunlay izdan chiqdi. Bolalar bog‘chalari tugatildi. Binolari xususiylashtirildi. Bolalar to maktab yoshigicha uyda qolib ketdi. Bolaning ongi ma’lumotlarni yaxshi oladigan vaqti bo‘lgan 5-7 yosh oralig‘ida u o‘z holiga tashlab qo‘yildi. Ota-ona tirikchilik g‘amida chetga chiqib ketdi. Natijada ko‘z o‘ngimizda bilimsiz, layoqatsiz avlod paydo bo‘ldi.
Italiyalik mashhur iqtisodchi-tarixchi Karlo Chippolo shunday yozadi: “Bilimsizlar jinoyatchilardan ko‘ra xavflidir. Jinoyatchilarda maqsad bo‘ladi, tentaklarda esa yo‘q. Shuning uchun ularning harakatlarini oldindan bilish imkonsizdir. Ular sizga hech qanday sababsiz, muddaosiz, rejasiz zarar yetkazadi. Eng kutilmagan joyda, eng noqulay paytda paydo bo‘ladi”.
Xo‘sh, bunday illatga qarshi qanday kurash olib borish mumkin?
Albatta, sifatli ta’lim berish, millatning mudrab yotgan dahosini uyg‘otish bilan. Demak, yosh avlodning aql “mash’ala”larini bugun yoqmog‘imiz lozim. U jamiyatda insonning butun umr ilm olishi uchun barcha sharoitni yaratib berish, ma’rifatli davlat siyosatini yuritish, bola ongu shuuriga go‘dakligidanoq ziyo olib kirish yordamida amalga oshiriladi.
To‘g‘ri, bu juda mashaqqatli, og‘ir mehnat talab qiladi. Ammo sharafli yo‘l, taraqqiyot sharti, zamon talabidir.
2018-yilda Samarqand davlat universitetiga tashrif buyurgan Nobel mukofoti laureati Aziz Sanjarga ta’limdagi islohotlarni nimadan boshlash kerakligi to‘g‘risida savol berganimizda, uning javobi juda qisqa bo‘ldi: “Maktabgacha ta’lim muassasasidan...”
Mashhur olimning fikrini davom ettirib, aytmoqchimanki, onalar mas’uliyatini oshirish ham juda muhim. Onaning farzandni dunyoga keltirishi bu tabiiy jarayon bo‘lsa, oiladan boshlab unga ta’lim-tarbiya berish bu el-yurt oldidagi ulkan burchi ekanligini unutmaslik kerak.
AQSHning Massachusets shtatidagi Kembrij shahrida joylashgan Harvard universitetida shunday chaqiriq bor: “Bilim olish azobi – vaqtincha, bilimsizlik azobi – umrbod!” Barcha illatlarning doyasi ilmsizlik ekan, millatning oyog‘iga tushov bo‘layotgan qusurlardan tezroq qutilishimiz kerak. Dabdabali to‘ylar, hashamatli imoratlar, keraksiz orzu havaslar o‘rniga bolalarimizni o‘qitishimiz juda katta zarurat ekanligini unutishga haqqimiz yo‘q. Hammasini davlatga tashlab qo‘yish, hammasini davlatdan kutish to‘g‘ri emas.
Davlat qilib beryapti, degan iddaolarga qarata aytish kerakki, Prezident tashabbusi bilan, avvalo, maktabgacha ta’lim tizimi yaratildi. Maktab ta’limi isloh qilindi. Samarasiz kollejlar faoliyati to‘xtatildi. Yoshlarning oliy ta’lim olish imkoniyati misli ko‘rilmagan darajada kengaytirildi. Oliy ta’lim xalqqa yaqinlashtirildi. Qisqacha aytganda, ta’lim mamlakat taraqqiyotining lokomotiviga aylandi.
O‘qituvchi va domla, ustoz va murabbiy, o‘quvchi va talabalar majburiy mehnatdan ozod bo‘ldi. Pedagoglar faqat millatni o‘qitishdek o‘ta mas’uliyatli vazifalarni bajarishga kirishishdi.
Iqtisodiy qiyinchiliklar, maosh kamligi tufayli chet ellarga chiqib ketgan yoki kasbini almashtirishga majbur bo‘lgan ilm ahli mamlakatga qaytarilmoqda.
Har yilgi qisqartirishlar tufayli ko‘chaga haydalgan olimlar uchun oliy o‘quv yurtlari, ilmiy tadqiqot muassasalari eshigi qayta ochildi...
Ta’limga, ilm-fanga qarshi kurashish qanday salbiy oqibatlarga olib kelishini, jamiyatda depsinish yuz berishini tariximizda ko‘rdik. Ko‘zimiz ochildi.
Taraqqiyotda dunyoning rivojlangan, rivojlanayotgan davlatlaridan emas, yonimizdagi mamlakatlardan ham orqada qoldik. O‘zbekiston Qahramoni, Xalq shoiri Abdulla Oripov o‘sha kunlarda alam bilan:
“O‘tiraveribman buyukman deya,
Manzilga yetibdi boshqa karvonlar...” degan edi.
Ming afsuski, erkimiz o‘z qo‘limizda bo‘la turib, yaratish va rivojlanish uchun, avvalo, sifatli ta’lim, ilm zarurligi haqidagi azaliy haqiqatdan ko‘z yumdik...
Bunday jamiyatda qanday milliy g‘oya bo‘lishi mumkin? Yo u yo‘q yoki bor bo‘lsa-da, millatning maqsad-muddaosiga aylanmagandi. Yuraklarga ko‘chib o‘tmagan, qalblarga muhrlanmagandi.
Ma’rifatli millat, ozod xalqgina milliy g‘oya haqida o‘ylaydi. Uni yaratish ustida bosh qotiradi. Uning uchun milliy g‘oya muqaddas tuyg‘uga aylanadi. Demak, milliy g‘oyaning negizida sifatli ta’lim, samarali ilm, milliy manfaatlar mujassam bo‘lishi shart.
Tarixga nazar tashlang, mamlakatlar qachon qudratli bo‘lgan? Qachon taraqqiy etgan? Qachon gullab-yashnagan? Qachon xalq farovon va boy yashagan?
Albatta, ilm-fan va ta’lim rivojlanganda. Minglab maktab va madrasalar qurilganda. Shaharlarimiz markazidagi eng baland, eng muhtasham imoratlar madrasalar bo‘lganda...
Islom olamida alohida e’tirof etiladigan olim va ulamo rahmatli Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning ma’lumotlariga ko‘ra, Qur’onda «ilm» so‘zi turli hollarda 765 marta takrorlanadi. Payg‘ambar alayhissalomning hayotlari va aytgan so‘zlari ham ilmga da’vat bilan to‘la. Birgina misol keltiraylik. Badr jangidan so‘ng Muhammad alayhissalom har bir asirga ozod bo‘lishi uchun 10 musulmonga o‘qish, yozishni o‘rgatishni shart qilganlar. O‘sha o‘rinda pul, mol yoki xohlagan boshqa narsa so‘ralishi mumkin edi, lekin Islomda ilm hamma narsadan ustun turgani uchun shu so‘ralgan.
Bugun masjidlarda, mahallalarda, turli davra va yig‘inlarda birinchi aytiladigan fikr farzandlarini o‘qitish, o‘qitishgina emas, balki ularga sifatli ta’lim berish, millat genofondini yaxshilash, bola tarbiyasida oilaning o‘rnini anglatish bo‘lishi kerak. Boshqa yo‘limiz yo‘q. Faqat sifatli ta’lim va samarali, ya’ni natija beradigan ilmgina bizni bu vaziyatdan olib chiqa oladi.
Shu o‘rinda yana bir haqli savol tug‘iladi. Nimaga bugun imom domlalarimiz ulug‘ allomalarimizning ma’rifat tarqatish yo‘lidagi ezgu amallarini davom ettirishmayapti? Millat va mamlakat muammolarining yechimi ilmda, ta’limda ekanligi haqida bong urishmayapti?
Hayotda ro‘y berib turadigan ayrim noxushliklar ildizi ham ma’rifatsizlik mevasi sanaladi. Temirni zang kemirganidek, odamni ma’naviyatsizlik va bilimsizlik sindiradi. Isbot talab qilmaydigan haqiqat shuki, har qanday davlatning kelajagi ma’rifatli, aqlli yoshlardir. Shu bois bilim egallash, ilm olish barchamizning doimiy vazifamizga aylanishi kerak. Ilmsizlikning oldini olish, yosh avlodning o‘qish va uqishga qiziqtirishni maktab partalaridan boshlashimiz zarur. Bunda ustozlar tom ma’noda motivator bo‘lishlari lozim.
Achchiq bo‘lsa-da, aytamiz, maktabni yangilash kerak. Unga yangi ruh kiritish shart. Bularning hammasi uchun, bir so‘z bilan aytganda, g‘oya, milliy g‘oya kerak. Va bu butun millatning aqlu shuuriga, fe’lu a’moliga o‘tmog‘i lozim. Shundagina u hayotiy kuchga aylanadi...
Bugungi dunyoda ham ahvol xuddi shunday. Ilm-fan va ta’lim rivojlangan davlatlar har tomonlama jahonga hukmronlik qilmoqda. Aslida, qurol-yaroqdan-da, ko‘proq mablag‘larni ilm-fanga yo‘naltirmoqda. Kambag‘al mamlakatlardagi iste’dodli yoshlarni, iqtidorli olimlarni katta pul evaziga o‘zlariga chaqirib olmoqda va ulardan o‘z maqsadlari yo‘lida foydalanmoqda. Ilmiy salohiyatga ega chiqmoqda. Buning natijasida davlatlari ziyoda bo‘lib, xalqi yaxshi yashamoqda.
Maqsad inson manfaatlari birlamchi bo‘lgan, iqtisodiy rivojlangan, ijtimoiy mukammal, barqaror jamiyatni barpo etish ekan, poydevori zamondan ilgari qadam tashlaydigan ta’lim va ilmdir. Bu haqiqat Prezidentimiz tomonidan ilgari surilmoqda va xalqimiz hayotidan tobora chuqur o‘rin egallamoqda.
O‘z zamonining ilg‘or namoyandalari bo‘lgan jadidlar g‘oyat murakkab va qiyin sharoitda bilim va ma’rifat tarqatish, ta’lim-tarbiya sohasini tubdan isloh etish orqali milliy taraqqiyotga erishish g‘oyasi bilan maydonga chiqdi. Shu maqsadda o‘z mablag‘lari hisobidan maktab va teatrlar, nashriyot va kutubxonalar, gazeta va jurnallar tashkil qildi, qobiliyatli yoshlarni chet ellarga o‘qishga yubordi. Ularning bu olijanob tashabbus va harakatlari jamiyat hayotida kuchli akssado berib, qudratli to‘lqinga aylandi.
Bugun dunyo hamjamiyati O‘zbekiston rahbarining ilm-fanga, ta’lim tizimiga ko‘rsatayotgan e’tiborini yuksak baholamoqda. Jahon O‘zbekiston bilan hamkorlik qilishga intilmoqda. Bu borada o‘zlari tashabbus ko‘rsatmoqda.
Milliy g‘oyasi yo‘q, bo‘lsa-da amal qilmaydigan millatni mavh etish oson kechadi. Zero, milliy g‘oya millatning mustahkam qa’lasidir. U millatni tashqi ta’sirlardan ham himoya qiladi, Vatan muqaddasligini, ozodlik qadrini, o‘zlikni asrash imkonini beradi. Yangi O‘zbekistonning yangi milliy g‘oyasi esa sifatli ta’lim va samarali ilm-fan negizida yuqori intellektual darajali avlod asosiga qurilishi kerak, deb hisoblaymiz.
Zotan, milliy g‘oya mamlakat oldida turgan barcha muammolarni yechishning yagona va asosiy vositasi bo‘lishi shart. Yuqori sifatli ta’lim va samarali ilm-fangina bunga kalit bo‘la oladi.
Rustam XOLMURODOV,
Samarqand davlat universiteti rektori,
O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi,
Oliy Majlis Senati a’zosi.