Samarqand davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, Oliy Majlis Senati a’zosi Rustam Xolmurodovning O‘zbekiston Milliy axborot agentligi veb-saytida e’lon qilingan “Milliy g‘oya millat uchun hayot-mamot masalasi” nomli maqolasida bugungi kunimizning eng dolzarb masalasi ko‘tarilgan.

Xalqimiz azaldan farzand tarbiyasi va ta’limiga mas’uliyat bilan qaragan, ilmni komillik yo‘lidagi vosita deb bilgan, olimu ulamoga ehtirom ko‘rsatgan.

Ajdodlarimizning ilmu urfonga bo‘lgan munosabatlari zardushtiylik aqidasida “ezgu fikr, ezgu so‘z, ezgu amal” uchligi tarzida mujassamlangan. Shunday ekan, Rustam Xolmurodov haqli ta’kidlaganidek, “Milliy g‘oyaning negizida sifatli ta’lim, samarali ilm, milliy manfaatlar mujassam bo‘lmog‘i shart.”

Milliy g‘oya bu mavhum tushuncha emas, zardushtiylar nazarda tutgan “ezgu fikr” dir. Biroq har qanday fikr ham g‘oya bo‘lavermaydi, qachonki, fikr o‘z ortidan millionlab kishilarni ergashtira olsa g‘oya, milliy g‘oya bo‘lishi mumkin. Zotan, jadid bobolarimiz ta’kidlaganlaridek, ta’lim-tarbiya bugun ham biz uchun hayot-mamot masalasi bo‘lib turibdi.

Dunyoning qay bir rivojlangan mamlakatini kuzatmaylik, ularning taraqqiyoti negizida ta’lim masalasi birinchi o‘rinda turganligini ko‘ramiz.

Yaqin-yaqinlargacha savodxonlik bilan bog‘liq kamchiliklarni oliy ta’lim muassasalari lisey-kollejlarga, lisey-kollejlar maktablarga, maktablar esa ota-onalarga ag‘darib keldi. Holbuki, ta’lim-tarbiyada bu omillar alohida emas, aksincha yaxlit, bir butun halqani tashkil qiladi. Birida zaiflik sezildimi, bu butun tizimga o‘zining salbiy ta’sirini o‘tkazmasdan qolmaydi. Bugungi kunda maktabgacha ta’lim tizimiga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratilishining boisi ham shunda.

Shuningdek, maqolada yuqori intellekt borasida bildirilgan fikr-mulohazalar ham asosli va mantiqliligi, real hayot haqiqatlaridan kelib chiqqanligi bilan e’tiborni tortadi. Chunki globalizasiya davrida, dunyoning jug‘rofiy-siyosiy xaritasida ko‘pqutblilik (mnogopolyarnost) yuzaga kelayotgan beqaror bir sharoitda yuqori intellektga bo‘lgan talab har qachongidan ko‘ra ortib bormoqda.

Sir emaski, o‘tmishda yashab o‘tgan ulug‘larimiz bilan faxrlanib yurish bilangina muammolar hal bo‘lmaydi, balki ularga munosib voris bo‘lish istagi har bir ziyolining qalb amriga aylansagina biz yangi uyg‘onish davri haqida baralla gapira oladigan bo‘lamiz.

Shavkat HASANOV,
Samarqand davlat universiteti professori,
filologiya fanlari doktori.