Yangi O‘zbekistonga yangi jadidlar zarur!

Samarqand davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi Rustam Xolmurodovning “Xalq so‘zi” gazetasida chop etilgan “Millat uchun hayot-mamot masalasi” nomli maqolasini o‘qib mushohada qilar ekanmiz, Yangi O‘zbekistonda jadid bobolarimizdek ma’rifatga, ilm egallashga da’vat etuvchi ziyolilar, fidoyi ilm peshvolari yetishmayapti, degan fikr beixtiyor xayolimizdan o‘tadi.
Vatan ravnaqiga daxldorlik hissi bilan yozilgan ushbu maqolada bugungi tahlikali bir zamonda o‘zbek millatining jahondagi nufuzini mustahkamlash, xalq farovonligini oshirish va buyuk avlodni voyaga yetkazishda ta’lim, tarbiya va ilm-ma’rifatning muhimligi, unga bo‘lgan ehtiyojning naqadar yuqori ekanligi bayon etilgan.
Bugun har bir millat vakili, u qaysi sohada ishlashidan qat’i nazar, ilm va ma’rifatga intilishi, yosh avlodni tarbiyalashga, unga bilim berishga o‘z hissasini qo‘shishi shart. Butun halqimiz ana shunday tafakkur bilan yashamog‘i va yagona maqsad sari intilmog‘i darkor. Bu esa, Rustam Xolmurodov ta’kidlaganidek, xalqimiz ongida milliy g‘oya tushunchasining aniq gavdalanishini talab etadi.
Aynan ta’lim va samarali ilmga asoslangan milliy g‘oya bugun Davlatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan xalqchil islohotlarni amalga oshirish va Vatan oldida turgan muammolarni hal etishning yagona yo‘lidir!
Jadid bobolarimizning milliy g‘oyasi ham iymon aqidasiga asoslanib zamonaviy ilmni egallash va millatning tafakkurini yuksaltirishga qaratilgan edi. Mana shu g‘oya atrofida barcha ilm yetakchilari jamuljam bo‘lgan, o‘sha zamon bo‘hton-u tazyiqlariga qaramasdan bir maqsad sari intilgan. Xalqning ilmu-zakovati va ma’rifatini yuksaltirish yo‘lida zahmat chekkan. Millatni zulmatdan va tanazzuldan qutqarishda yagona najot ilm ekanligini xalq shuuriga singdirgan. Biz yashayotgan bugungi dorilomon kunlarda bunday harakatlar nega yetishmayapti, yangi jadidlar qani!? Samarqand davlat universiteti rektori Rustam Xolmurodovning maqolasini o‘qib ana shu fikrlar meni chulg‘ab oldi.
Maqolada o‘zligimizni namoyon etuvchi milliy g‘oyamizni shakllantirish vaqti kelganligi va bu yo‘lda butun millat uyg‘onmog‘i zarurligi ilgari surilyapti. Vatan va uning kelajagi uchun qayg‘urayotgan ushbu g‘oyalar muallifi beixtiyor jadid bobolarimizning bugungi siymosini, vakilini ko‘z oldimda gavdalantirdi.
Toshpo‘lot RAJABOV,
Samarqand davlat universiteti Agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat
xavfsizligi instituti direktori.