Ma’lumki, har qanday millat va xalq, har qanday ijtimoiy tuzum va davlat muayyan bir tamoyillar va qadriyatlar asosida hayot kechiradi hamda o‘z manfaatlari, maqsad-muddaolari, orzu-intilishlarini ko‘zlab harakat qiladi. Binobarin, ular hayotdagi ma’lum bir mafkuraga tayanadi.

    Xalqimiz asrlar mobaynida orzu qilib kelgan mustaqillik ne’matini asrash va mustahkamlash, vatan farovonligi hamda barqaror rivojlanish yo‘lida izlanish, harakat qilish har bir o‘zbekistonlik fuqaroning muqaddas burchidir. Buning uchun barchamiz bir yoqadan bosh chiqarib, muqaddas ona-Vatanimzning hayotiy manfaatlarini yurakdan his etgan holda ularni ro'yobga chiqarish uchun faol harakat qilishimiz, kurashishimiz zarur. Bu jarayon xalqimiz manfaatlarini, ularni o‘zida mujassam etadigan umumiy bo‘lgan millat g‘oyasini anglash bilan bog‘liq holda kechadi. Vatan manfaatlari har bir fuqaro manfaatlari bilan uzviy bog‘langandir. Zero, Vatanning obodligi xalqning farovonligi bilan bog‘liq. Fuqarolari badavlat mamlakatgina moddiy va ma’naviy to‘kis bo‘ladi. Shunday ekan, bugungi kunda mamlakatimizda inson qadr-qimmatini har tomonlama yuksaltirish, xalq farovonligini oshirish ustuvor vazifa. Bunga erishish uchun xalqimizning hamjihatligi va birdamligini yanada mustahkamlash talab etiladi.

    Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, Oliy Majlis Senati a’zosi, professor Rustam Xolmurodovning “Millat uchun hayot-mamot masalasi” maqolasi Yangi O‘zbekistonning milliy g‘oyasini shakllantirishning zaruratini o‘zida ifodalagan ovoz bo‘ldi.

    Maqolada bugungi kunda keyingi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar samaradorligini yanada oshirish uchun sifatli ta’lim va samarali ilm-fan negizida yuqori intellektual darajali avlodni tarbiyalashdan iborat bo‘lgan O‘zbekistonning milliy g‘oyasini ilgari surish dolzarbligi bayon qilingan. Bu borada amalga oshirish zarur bo‘lgan muhim jihatlar batafsil yoritilgan. Haqiqatdan ham, yuqori intellektual darajali avlodning paydo bo‘lishi, jamiyatning barcha bo‘g‘iniga kirib borishi, mamlakatdagi mavjud sohalarning ijobiy o‘zgarishiga olib keladi.

    Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev “Ta’lim sifatini oshirish – Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining yakkayu yagona to‘g‘ri yo‘lidir. Shu bois, birinchi navbatda, e’tiborni Yangi O‘zbekiston uchun eng katta investisiya bo‘lgan ta’limni qo‘llab-quvvatlashga qaratamiz”,- deya ta’kidlab, ta’lim sifatini oshirish orqali mamlakatimiz istiqbolini qurishga alohida e’tibor qaratayotganligi ham maqolada keltirilgan umumiy maqsad va amalga oshirish lozim bo‘lgan tadbirlarning muhimligini anglatadi.

    Rivojlanayotgan, dunyoga o‘zini tanitayotgan yosh, mustaqil davlat uchun eng dolzarb masala - bilimli, o‘zligini taniydigan, zamon bilan hamnafas fikr yuritadigan yoshlarni tarbiyalash, bilim berishdir. Zero, ma’rifatparvar adib Abdulla Avloniyning “Tarbiya biz uchun yo hayot - yo mamot, yo najot - yo halokat, yo saodat - yo falokat masalasidir” so‘zi negizida ham ta’lim yotadi. Darhaqiqat, bugungi kunda millatning mavjudligini, uning jahon tamaddunida o‘z o‘rniga ega bo‘lishini yoshlarga berayotgan tarbiyamiz, uning zamiridagi sifatli ta’lim belgilab beradi. Inson manfaatlari birlamchi maqsad bo‘lgan yurtimizning jahon sahnasida o‘z ovoziga ega bo‘lishi ham sifatli ta’lim bilan uzviy bog‘liq.

 

    Xudoyor KELDIYOROV,
    Samarqand davlat universiteti
    biologiya fakulteti dekani, professor.
    MAQOLANI DO‘STLARINGIZGA ULASHING