“Milliy g‘oyasi yo‘q, bo‘lsa-da amal qilmaydigan millatni mavh etish oson kechadi. Zero, milliy g‘oya millatning mustahkam qa’lasidir. U millatni tashqi ta’sirlardan ham himoya qiladi, Vatan muqaddasligini, ozodlik qadrini, o‘zlikni asrash imkonini beradi.”.

    Samarqand davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, Rustam Xolmurodovning O‘zbekiston Milliy axborot agentligi veb-saytida e’lon qilingan “Milliy g‘oya millat uchun hayot-mamot masalasi” nomli maqolasida milliy g‘oyaning ushbu tahrirda, millat taqdirida tutgan o‘rniga alohida ahamiyat qaratiladi.

    Darhaqiqat, mustaqillikning dastlabki yillarida ilgari surilgan, milliy deb nomlangan g‘oyalar ko‘zlangan natijani bermadi.
Bu esa nafaqat xalq uchun eng aziz bo‘lgan ta’limning barcha bo‘g‘inlarini falajladi, balki mamlakatning ijtimoiy-iktisodiy yuksalishiga ham asos bo‘la olmadi. Haqiqatdan ham, milliy g‘oya, maqsadlarga yetkazuvchi vosita bo‘lgandagina qo‘llaniladi. Tahlil qilinayotgan maqolaning muallifi aynan shunga urg‘u bergan mening nazarimda.

    Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek: Yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklarni tahlil etgan holda, erishilgan yutuqlarga mahliyo bo‘lmasdan, bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilish bizning Yangi O‘zbekiston davlatini yaratishimizning o‘ziga xos yo‘li, zaruriyatidir...

    Shu o‘rinda, savol tug‘iladi. Mamlakatning ertangi va bugunini samaradorligini oshirish uchun harakatni qachondan boshlash lozim? Bu savol bugun butun dunyo mamlakatlarini qiynab kelmoqda.

    Birgina vatanimiz miqyosida oladigan bo‘lsak, unda tug‘ilib voyaga yetayotgan yosh avlodga qay darajada e’tibor qaratilyapti? Ularga 5-7 yoshlarida zarur bo‘ladigan bilimlar berilyaptimi?

    Ta’lim va tarbiya jarayonlarining ayni maktabgacha ta’lim yoshidan to maktabni tamomlaguniga qadar qamrab olinishi o‘rta maxsus bilimga ega bo‘lgan yoshlar uchun bir tomchi suvdek zarurdir. Bu ulkan vazifa topshirilayotgan mutaxassis-o‘qituvchilardan zamonning dolzarb masalalariga befarq bo‘lmaslik, ularni mohirona o‘zlashtirish talab etiladi. Xuddi, bugungi kunda sun’iy intellekt inson miyasini va uning diqqatini band etganidek millatimizning “Yangi kadrlari” undan-da sirlilik va hozirjavoblik bilan yoshlarni o‘ziga jalb qilishi zarur. Shundagina biz og‘ishmay o‘z maqsadimizga erisha olamiz.

    Yuqorida aytilgan fikrlarning keng mushohadasi Samarqand davlat universiteti rektori Rustam Xolmurodovning maqolasida o‘zining chuqur tasdig‘ini topgan. Vatanimizning jahon hamjamiyatida o‘z o‘rniga ega bo‘lishi uchun barchamiz birdek qayg‘urishimiz lozim. Maqola muallifi fikrlarini befarq qoldirish xalqning o‘z taqdiriga bo‘lgan befarqligi, deb bilaman. Ta’lim sohasiga kirib kelayotgan islohotlar negizida o‘z zamonasining ilg‘or kishilarini yetishtirish maqsad qilingan ekan, biz bu g‘oyalarga hamohang tarzda harakatlanib har bir imkoniyatdan unumli foydalanishimiz talab etiladi.


Shohista MAMARAHIMOVA,
Termiz davlat universiteti professori,
filologiya fanlari doktori.