Siz bu o‘simlik haqida eshitgansiz...
Chakanda qadimdan xalq tabobatida ko‘pgina kasalliklarni davolashda foydalanib kelingan. Mevasi va barglari tibet tabobatida o‘pkadan qon oqishini to‘xtatishda shirin preparatlar sifatida foydalanilgan. Chakanda tanasi yog‘ochining o‘zagi qonning quyuqlashuvini oshirish uchun, ko‘kyo‘tal og‘riqlarini va isitmani kamaytirish uchun, kuli – ingichka ichakdagi og‘riqlarni kamaytirish uchun ishlatilgan. Xalq tabobatida mevalari va bargi oshqozon va revmatizm kasalliklarini davolashda qo‘llanilgan.
Chakanda mevalari polivitamin hisoblanadi, ularning tarkibida A provitamini, V1, V2, V3, V6, S, Ye, K vitaminlar mavjud. Mevalarida 3-6% qandlar (glyukoza va fruktoza), 2,5% gacha organik kislotalar – olma, vino, limon kislotalar, oshlovchi moddalar, sariq bo‘yovchi pigment, kversetin, moyli moddalar, furokumarin, leykoantosian kabi moddalar mavjud. Chakanda mevalari va qayta ishlangan mahsulotlari tarkibida ko‘p miqdorda aminokislotalar va mineral moddalar, hamda kaliy, magniy va kalsiy uchraydi.
Chakanda meva shirasidan olingan chakanda moyi karotin va karotinoidlar, tiamin va riboflavin, tokoferol va moyli kislotalardan iborat bo‘ladi.
Chakanda moyi yaralarni tuzatuvchi va og‘riq qoldiruvchi xususiyatlariga ega, uni teri kuyganda, sovuq urganda ekzemada, qiyin tuzaluvchi yaralarni davolashda, ko‘z, quloq, tomoq kasalliklarida qo‘llaniladi. Vitaminli vosita sifatida gipo va avitaminoz kasalliklarida, oshqozon va o‘n ikki barmoqli ichak yarasi kasalligida, organizm radioaktiv nurlardan zararlanganda hamda qizilo‘ngach va oshqozon shilliq qavatidagi o‘smalarni nur terapiyasi o‘tkazilgandan keyin bo‘ladigan generativ o‘zgarishlarni kamaytirish maqsadida samarali qo‘llaniladi.
Chakanda moyi ginekologik amaliyotda kolpit, endoservit, bachadon bo‘yni eroziyasiga qarshi keng qo‘llaniladi. U shamollashga qarshi ishlatiladi, regeneratsiyalovchi va biostimullashtiruvchi xususiyatlarga ega bo‘lib, “Olazol”, “Gipozol” va “Oblekol” aerozol preparatlar tarkibiga kiritilgan. Og‘riq qoldiruvchi va antiseptik sifatida ham foydalaniladi. Chakanda moyi ayniqsa anginani olib tashlash bo‘yicha xirurgik operatsiyalardan keyingi davrda, o‘tkir va xronik gaymorit, ateroskleroz kasalliklarida yaxshi samara beradi. Urug‘lari yengil surgi dori sifatida ishlatiladi.
Chakanda novda po‘stlog‘i ekstrakti o‘smalar rivojlanishini to‘xtatish xususiyatlarga ega. Gippofein alkaloidi saraton kasalliklarini rentgenoterapiya usulida davolashdagi kompleks dori-darmonlar tarkibiga kiritilgan. Shu sababli chakanda novdalari va po‘stlog‘idan yaralarga qarshi kuchli ta’sirga ega biologik faol moddalar, shu jumladan karotinoidlar, lipofil moddalar, kumarinlar, flavonoidlar va oshlovchi moddalar olish manbasi sifatida foydalanish mumkin.
Chakanda mevalaridan uzoq yillar davomida oziq-ovqat mahsuloti sifatida – yangi terilgan va qayta ishlangan holida foydalanilib kelingan. Ulardan kompotlar, murabbo, djem, sharbat, marmelad, nektar, yog‘, pyure, jele va damlamalar tayyorlangan.
Chakanda mevasi parfyumeriya sanoatida shampunlar, kosmetik krem, terini tozalovchi losyon, sochlar uchun bo‘yoq tayyorlashda foydalanilgan. Chakanda moyidan tayyorlangan kosmetik maskalar teri epitelizatsiyasini va granulyatsiyasini tezlashtiradi, mevasi va novdalari damlamasi soch to‘kilishining oldini oladi.
Veterinariyada chakanda novdalari bilan qo‘ylar boqiladi, bu ularning junlarini o‘stirib, yaltiroqligini oshiradi. Barglari teri oshlashda va bo‘yashda foydalaniladi. Chakanda mevalaridan o‘tmishda gazlamalar, va junli matolarni sariq rangga bo‘yashda foydalanilgan, yosh novdalari va barglaridan qora bo‘yoq olingan.
Chakandadan tuproq eroziyasiga qarshi kurashishda va tog‘-kon sanoatida tanazzulga yuz tutgan yerlarni rekultivatsiya qilishda unumli foydalanish mumkin.
Chakandadan lansetsimon shakldagi va kumushsimon, zaytunsimon tusli barglari tufayli manzarali o‘simlik sifatida va jonli devor sifatida ko‘kalamzorlashtirishda foydalanish mumkin. Tabiiy chakandazorlar mahalliy hayvonot dunyosi vakillari hayotida muhim ahamiyatga ega, ayniqsa chakandazorlar qirg‘ovulning sevimli makoni hisoblanadi. Chakanda mevalari butada qishgacha to‘kilmasdan saqlanadi. Daryo va ko‘llar qirg‘oqlaridagi ko‘plab qushlar makoni hisoblangan mavjud tabiiy chakandazorlar asosida qo‘riqxonalar va ovchilik xo‘jaliklari tashkil etilgan.
Flora Qobulova,
SamDU o‘simliklar fiziologiyasi va
mikrobiologiya kafedrasi dotsenti.