Vengriya hukumati tomonidan e’lon qilingan “Stipendium Hungaricum” stipendiya dasturiga ariza topshirishning oxirgi muddati — 2024-yil 15-yanvar, 14:00 (Markaziy Yevropa vaqti).

    Ushbu stipendiya dasturi doirasida Vengriya tomoni O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun 2024/2025-o‘quv yilida quyidagi tartibda jami 170 ta ta’lim grantlarini taqdim etadi:

    20 ta o‘rin – bakalavriat;

    10 ta o‘rin — bakalavriat magistratura bilan birlashtirilgan, ya’ni, hujjatlar bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha topshiriladi, unga magistratura (One tire master) ham kiradi, o‘qish muddati ta’lim yo‘nalishiga qarab 5 yoki 6 yil;

    60 ta o‘rin – magistratura;

    60 ta o‘rin – doktorantura (PhD);

    20 ta o‘rin — Jismoniy tarbiya universitetida o‘qish uchun (Budapesht shahrida).

    Grantlardan Vengriya universitetlarida qisqa muddatli kurslar uchun ham foydalanish mumkin.

    O‘zbekiston tomonidan muvofiqlashtiruvchi – O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi.

    Qo‘shimcha tarzda, quyidagilarni ma’lum qilamiz:

    Barcha hujjatlarni onlayn formatda to‘g‘ridan-to‘g‘ri “Tempus Public Foundation” (Vengriya tomonidan ushbu stipendiya dasturining muvofiqlashtiruvchisi) ko‘rsatgan platformaga yuborish kifoya.

    Dastlabki bosqichda hujjatlar Vengriya tomonidan sinchkovlik bilan o‘rganilib, tanlov talablariga javob bermaydigan barcha hujjatlar ro‘yxatdan chiqarib tashlanadi.

    “Short list” (saralanganlar ro‘yxati)ni Vengriya tomoni tegishli venger oliy ta’lim muassasalari bilan maslahatlashganidan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga baholash uchun yuboradi va Vazirlik nomzodlarni 1 dan 170-raqamgacha (asosiy ro‘yxat) va undan keyin 170 dan 340-raqamgacha (zaxira) ketma-ketlikda baholab beradi. Hujjat topshirganlarning jami sonidan kelib chiqib, nomzodni o‘qishga qabul qilish bo‘yicha yakuniy qaror Vengriya tomonidan qabul qilinadi. Bunda nomzod imtihon topshirgan Vengriya universitetining qarori inobatga olinadi.

    Lozim bo‘lganda, O‘zbekiston tomonidan Vazirlik, o‘qishga qabul qilayotgan Vengriya universiteti yoki koordinatorlar nomzodni onlayn intervyuga taklif qilishlari mumkin.

    Nomzodlarning ro‘yxatdagi joylashuvi qat’iy ravishda ajratilgan kvotalar doirasida belgilanadi — 20 ta (bakalavr), 10 ta — (bakalavr bilan qo‘shilgan magistratura darajasi), 60 ta — (magistratura), 60 ta — (doktorantura), 20 ta — Jismoniy tarbiya universiteti (Budapesht shahri.).

    Ro‘yxatda ketma-ketlik (ustuvorlik) bo‘yicha joylashtirish (baholash) tartibi O‘zbekistonda kadrlar tayyorlashning ustuvor yo‘nalishlaridan kelib chiqqan holda belgilanadi.

    Muhandislik-texnika, shuningdek, tibbiyot, farmatsevtika, biotexnologiya, kimyo, geologiya, fizika, axborot texnologiyalari, sun’iy intellekt, energetika, muqobil energiya manbalari va boshqa shu kabi yo‘nalishlarga hujjat topshirganlarga imtiyoz beriladi.

    Oliy ta’lim muassasasida ish tajribasi, chet tillarini bilish ahamiyatga ega bo‘ladi. Imtiyoz o‘qishni 2024-yilda tugatmoqchi bo‘lganlarga emas, balki 2024-yilning 15-yanvariga qadar u yoki bu bosqichni tamomlaganlarga beriladi.

    O‘z kasbiy faoliyatini respublikada, ayniqsa, oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim tizimida, respublika ilmiy markazlarida va shu kabi muassasalarda davom ettirmoqchi bo‘lgan nomzodlar qo‘llab-quvvatlanadi.

    “Arizalar qabuli to‘g‘risida e’lon” (“Call for Applications” – hujjatlarni topshirish tartibi) bilan tanishib chiqishingizni so‘raymiz. Stipendium Hungaricum – https://stipendiumhungaricum.hu/apply/ veb-saytida keltirilgan.

    Batafsil ma’lumot – https://stipendiumhungaricum.hu/