Samarqand davlat universitetida O‘zbekiston – Italiya universitetlari rektorlarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov, Samarqand davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, Oliy Majlis Senati a’zosi Rustam Xolmurodov, Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Alisher Shukurov, O‘zbekistonning Italiyadagi Favqulodda va muxtor elchisi Abat Fayzullayev va boshqa oliy ta’lim muassasalari rahbarlari ishtirok etdi.
Italiyaning O’zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Piergabriele Papadia de Bottini, Perugia xorijliklar universiteti rektori Valerio De Chezaris, Tushia universiteti rektori Stefano Ubertini, Roma Tre universiteti rektori Massimiliano Foruchchi, Piza universitetining prorektori Filippo Djordji hamda Trento universiteti prorektori Marko Ragassi o‘z ma’ruzalari bilan qatnashdi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov nutqida O‘zbekiston va Italiya o‘rtasidagi ta’lim sohasidagi aloqalarning yangi bosqichga ko‘tarilayotgani, ayniqsa, universitetlar o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorliklarning ahamiyatiga alohida urg‘u berdi.
Tadbir doirasida 10 ga yaqin oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida hamkorlik shartnomalari imzolandi. Jumladan, Samarqand davlat universiteti bilan Italiyaning Trento universiteti hamda Venetsiyadagi nufuzli Ka’ Foscari universiteti o‘rtasida ilmiy-akademik hamkorlik bo‘yicha memorandumlar imzolandi.
Mazkur uchrashuv ikki davlat o‘rtasidagi ta’lim aloqalarini yanada mustahkamlash, talabalar almashinuvi, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar va innovatsion loyihalarni yo‘lga qo‘yishda muhim qadam bo‘ldi.
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati,
Shavkat AKRAMOV olgan suratlar.