ILMIY SAFAR VA XALQARO E’TIROF

Samarqand davlat universiteti rektori, Oliy Majlis Senati a’zosi, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi Rustam Xolmurodov 2025-yil 28-aprel kuni Turkiya Respublikasiga safari doirasida Denizli shahridagi Pamukkale universitetiga tashrif buyurdi.
SamDU bilan ko‘p yillik akademik, ilmiy va madaniy hamkorlik qilib kelayotgan Pamukkale universiteti texnika, agrobiologiya, turizm, tibbiyot sohalarida katta ilmiy salohiyatga egaligi, turk dunyosidagi universitetlar bilan samarali hamkorlik qilishi bilan ajralib turadi.
SamDU rektori Rustam Xolmurodov tashrif davomida PAUning yangi saylangan rektori professor doktor Mahmud Gungorni ushbu yuksak vazifaga loyiq ko‘rilgani bilan qizg‘in tabrikladi va Pamukkale universitetining mashhur texnokentini ziyorat qildi.
PAU rahbariyati bilan SamDU texnoparkini hamkorlikda kengaytirish, Ar-Ge texnologiyalar bo‘yicha tadqiqotlar olib borish xususida muzokaralar o‘tkazdi. Yaqin kunlarda PAU texnokenti mutaxassislarining Samarqandga tashrifi va amaliy harakatlarni boshlash xususida kelishib olindi.
Shuningdek, Rustam Xolmurodov tashrif davomida Denizli Yatag‘an qo‘rg‘onidagi Islomiy Bilimlar markazi faoliyati bilan tanishdi va Pamukkale shahrining diqqatga sazovor joylarini ko‘zdan kechirdi.
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati.