Angliyaning Oksford universiteti tadqiqotchisini hayratlantirgan narsa nima edi?

Ayni kunlarda o‘z faoliyatini Samarqand davlat universitetida davom ettirayotgan Angliyaning Oksford universiteti tadqiqotchisi Benjamin Sharkey o‘z fikr va mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi
- Yoshligimdan tarix faniga qiziqishim kuchli bo‘lgan. Ayniqsa, O‘rta Osiyo tarixi, madaniyatini o‘rganish va bu haqda dissertatsiya yoqlash mening orzum edi. Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek kabi buyuk insonlar yetishib chiqqan Samarqand nafaqat O‘zbekiston, balki Markaziy Osiyoning yuragida joylashgan ekan, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Samarqand qadimda va hozir ham madaniyat va ilm-ma’rifat markazi ekanligiga guvoh bo‘ldim. Shahringizda yoshlarga tarix juda ham yaxshi o‘rgatilar ekan. Maktab o‘quvchilarining o‘z bobokalonlari haqida ma’lumotga egaligi quvonarli holat.
Samarqandning dovrug‘i Amir Temur davrida o‘zining eng yuqori cho‘qqisiga chiqqanini tarixdan bilamiz. 3 kurs bakalavr bosqichida tahsil olayotgan paytimda men Amir Temur haqida tadqiqot olib borgan edim. Shundan keyin bu o‘lkaga bo‘lgan qiziqishim yanada ortib ketgan.
Ayni kunlarda universitetingizda “IX-XIV asrlarda Markaziy Osiyo” mavzusida ilmiy tadqiqot olib boryapman. Shu bilan birgalikda SamDU tarixi ham meni befarq qoldirmadi. Samarqand davlat universiteti Mirzo Ulug‘bek madrasasining davomchisi, deb bemalol aytish mumkin. Bu dargohdan o‘z davrining yetuk olimlari, ayniqsa ko‘plab aniq fanlar sohasidagi mutaxassislar yetishib chiqqan.
Shuningdek, tadqiqotim yuzasidan Urgut tumanida ham bo‘lib qaytdim. O‘zbekistonda bunday jannat bor deb o‘ylamagan edim. U yerdagi toza havo va musaffolik kishiga orom bag‘ishlaydi. Ilhom chaqiradi.
Xorijlik bir kuzatuvchi sifatida aytadigan bo‘lsam, O‘zbekiston hozirgi kunda ilm-fan uchun o‘zini ochmoqda. O‘ylaymanki, bu juda ham muhim. Yurtingizda har bir sohaga ilm olib kirilsa, rivojlanish hozirgidan ham tezlashib ketadi.
Bu yerdagi odamlar shunday mehmondo‘st va samimiyki, men Samarqandga dissertatsiyam himoyasidan so‘ng yana kelishni va talabalarga dars berishni niyat qilib qo‘ydim.
Otabek Sa’dullayev,
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi.
Shavkat Akramov olgan suratlar.