Qazishmalar natijasida qal’aning shahriston qismida mudofaa devorlari borligi aniqlandi, somoniylar va qoraxoniylar davriga oid bo‘lgan tanga-pullar topildi.

      Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti o‘qituvchilari va talabalari hamda Samarqand arxeologiya instituti ilmiy xodimlari Markaziy Osiyodagi yirik va muhim tarixiy mintaqa hisoblangan, qadimgi Sug‘dning yirik manzilgohlaridan biri - ko‘hna Dabusiya yodgorligida arxeologik qazishma ishlarini olib bormoqda.

    Qal’aning shahriston qismida olib borilgan qazishmalar natijasida qalinligi 2-4 metrli mudofaa devori mavjudligi aniqlandi. Uning o‘rni ochib o‘rganilganda, turar-joy o‘rinlari, somoniylar va qoraxoniylar davriga oid bo‘lgan tanga-pullar qayd etildi.

    - Dabusiya yodgorligining ustki qismida metall toshqollarning qayd etilishi, o‘rta aslarda bu ko‘hna kentda nafaqat kulolchilik va hunarmandchilik, balki, metalsozlikning ham rivojlanganligidan guvohlik beradi, - deydi SamDU doktoranti, ekspeditsiya a’zosi Akbar Nazarov. - Shuningdek, Dabusiyada 20 dan ortiq bo‘lgan badraf o‘rinlari ham aniqlandi. Bu o‘rta asrlarda Sug‘dda gigienaga ham e’tibor berilganligini anglatadi.

    Ma’lumot uchun, ekspeditsiyaga SamDU o‘qituvchisi, Samarqand arxeologiya instituti yetakchi ilmiy xodimi, tarix fanlari nomzodi Amriddin Berdimurodov rahbarlik qilmoqda. Shuningdek, Samarqand arxeologiya instituti katta ilmiy xodimi, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Alisher Sandiboyev, Samarqand davlat universiteti doktorantlari G‘ayrat Muhammadiyev va Akbar Nazarov hamda talabalar ekspeditsiya a’zosi sifatida qazishma ishlarini olib bormoqda.

Otabek Sa’dullayev,

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati xodimi.