Bu nom bilan 15 ta kimyoviy element: lantan (Z=57) va 14 ta lantanoidlar (Ce, Z=58 dan, Lu, Z=71 gacha)ning tarixiy nomidir. Bu elementlar Mendeleyev davriy jadvalining oltinchi davrida joylashgan. Siyrak Yer elementlari jumlasiga yana skandiy (Z=21) va ittriy (Z=39) kiradi. Chunki bu elementlarning ochilishi va o‘rganilish tarixi siyrak yer elementlarining tarixi bilan chambarchas bog‘liqdir.

    Tabiatda siyrak yer elementlari odatda bir-biri bilan yaqin uchraydi. Hozirda 250 ga yaqin siyrak yer elementlarining minerallari ma'lum bo‘lib, ularni mumtoz siyrak elementlarga qo‘shib bo‘lmaydi.

    Samarqand davlat universiteti fizika fakulteti doktoranti Obid Sulaymonov Siyrak Yer elementlari asosidagi xrom boratlarining yuqori temperaturalardagi magnit xossalari mavzusida ilmiy tadqiqot olib bormoqda.

    - Bugun xalqaro fizika sohasida kamyob Yer metalli xromboratlar RCr3(BO3)4 ning turli xil xossalarini tadqiq qilish, jumladan magnit xossalarini o’rganishga katta e’tibor berilmoqda, - deydi Obid Sulaymonov. - Bunday moddalarga bo’lgan qiziqish ularning optik xususiyatlari, lazer qurilmalarida keng qo’llanilishi, kompyuter texnologiyasini rivojlantirishda katta sig’imli xotira qurilmalarining yangi avlodlarini yaratishda asosiy xomashyo hisoblanadi. Bundan tashqari spintronika sohasini rivojlantirishda ham katta rol o’ynaydi.

    Shunday xossalarga ega bo’lgan 3d va 4f kationlarga ega bo’lgan lantanoidli xromboratlarning magnit xossalari va ularning elektron tuzilishi haqidagi ma’lumotlar ularning yuqori temperaturalardagi sohalari bilan bog’liq ma’lumotlar kam.

    Xromboratlarning murakkab kristall va magnit tuzilishga ega bo’lganligi tufayli ulardagi magnitoaktiv ionlarining magnit holati va elektron tuzilishining o’ziga xos tomonlarini hamda ularda yuz beradigan magnit, strukturaviy, elektron hamda fazoviy o’tishlar mexanizmini aniqlash, almashinuv o’zaro ta’sir parametrlarini aniqlash magnit hodisalar fizikasining rivoji uchun ham, ularning amalda qo’llanilishi nuqtai nazardan ham muhim ahamiyat kasb etadi.

    Tadqiqotning muhimligi bunday magnit materiallarning elektr va magnit xossalarini yuqori temperaturalarda o’rganish muhim ahamiyatga ega. Bu orqali moddalarnig termik xususiyatlari haqida ham tegishli muhim xarakteristikalarga ega bo’lishimiz mumkin hisoblanadi.

 

Otabek Sa’dullayev,

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati xodimi.

Shavkat Akramov olgan suratlar.