Gravitatsion maydon uchun yozilgan Eynshteyn tenglamasi yaratilganligiga bir asr bo‘lishiga qaramay, yangidan-yangi yechimlarining topilishi va bu yechimlar o‘z navbatida makro va mega fan olamlarida juda qiziqarli fizik va astrofizik jarayonlarga olib kelishi bilan o‘z dolzarbligini yo‘qotmayapti. Shuni inobatga olgan holda aytish mumkinki, ixtiyoriy maydonni tavsiflovchi tenglamalarning yangi ko‘rinishdagi yechimlari topilish ehtimoli juda yuqori va bu mulohaza 4 va 5-o‘lchovli maydonlar uchun yozilgan tenglamalarga ayniqsa juda o‘rinlidir. Kvant maydonlar nazariyasidagi fundamental tenglamani “fundamental massa” M orqali 5-o‘chovli de Sitter impuls fazosida tavsiflash, bu tenglama uchun kompyuter dasturlarini tuzib yangi yechimlarni topish, mavjud tajriba bilan solishtirish hamda kelajakda ochilishi mumkin bo‘lgan yangiliklarni ilmiy bashorat etish ushbu doktorlik (PhD) dissertatsiyasining bugungi kunda naqadar dolzarbligini bildiradi.

    Nazariy fizika bu mikrodunyo, makrodunyo va megadunyo obyektlari, ularning o‘zaro ta’sirlashuv qonunlarini asbobsiz faraz va g‘oyalar asosida o‘rganuvchi fan bo‘lgani uchun uning bashoratlari, jumladan, fundamantal tenglamaning yangi yechimlaridan chiqariladigan ilmiy xulosalar barcha tabiiy fanlarning rivoj topishida juda katta omil bo‘ladi. Ayniqsa mikrodunyodagi kvarklar, glyuonlar va preonlar to‘g‘risida, megodunyodagi ulkan astronomik obyektlar, gravitatsion tenglamalar va ular bilan bog‘langan obyektlar muhimligi va uning asosiy tushunchalarini to‘liqroq tavsiflashda, matematikaning dolzarb muammolarining yechilishida amaliy ahamiyatga ega bo‘ladi.

    Bularning barchasini hisobga olgan holda bugungi kunda o‘z tadqiqotlarimizni samarali davom ettirib, respublika va xorij nashrlarida 10 dan ortiq ilmiy maqolalar chop ettirdik.

 

Qodir Badalov,

Samarqand davlat universiteti doktoranti.

Ilmiy rahbari – fizika-matematika fanlari doktori,

professor Rustam Ibodov.