Tuproq tarkibini zararsizlantirishning yangi usullari tadqiqi

Bugungi kunda jahon miqyosida tuproqlarni og‘ir metallardan muhofaza qilish bo‘yicha ko‘pgina chora-tadbirlar qo‘llanilmoqda. Dunyoning rivojlangan Germaniya, Fransiya, Angliya, Yaponiya kabi davlatlarida maxsus preparatlar vositasida tuproq tarkibi organik moddalar bilan boyitiladi, o‘simliklarni turli zararli moddalar ta’siridan himoya qiladi. O‘zbekistonda ham dehqonchilik maydonlari tuproqlarini zararsizlantirish bo‘yicha salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Samarqand davlat universitetida ham ushbu mavzu bo‘yicha bir qator ilmiy tadqiqotlar olib boriladi. Jumladan SamDU tuproqshunoslik va agrotexnologiyalar kafedrasi magistri Laylo Boylatova kafedra mudiri, professor Shodiqul Xoliqulov ilmiy rahbarligida “Organik dehqonchilik mahsulotlari yetishtirishda tuproqdagi zararli moddalar ta’sirini kamaytirish” mavzusida ilmiy tadqiqot olib boradi.
– Tuproq va o‘simlik tarkibidagi og‘ir metallar miqdorini kamaytirishda organik o‘g‘itlardan foydalanish borasida shu kungacha ko‘pgina tadqiqotlar olib borilgan, - deydi tadqiqotchi Laylo Boylatova. – Tuproqni zararsizlantiruvchi preparatlar tuproqdagi ba’zi moddalar kadmiy, simob, rux va qo‘rg‘oshin elementlarini suvda erimaydigan va o‘simliklar o‘zlashtira olmaydigan shaklga o‘tkazib, uni tuproqqa qattiq singdiradi, lekin boshqa oziq moddalar o‘z holicha qoladi. Bunda qo‘llanilayotgan preparat tuproqqa eritma ko‘rinishida sepiladi. Preparat tuproq tarkibiga singib borib, zararli moddalarni zararsizlantiradi, boshqa oziq moddalar o‘z holicha qoladi. Shuningdek, tuproqlarni organik moddalar bilan boyitish, mineral o‘g‘itlardan jumladan, fosforli o‘g‘itlardan foydalanish, ohaklash ham tuproqdagi og‘ir metallar harakatchanligini kamaytiradi. Organik o‘g‘itlarning tuproqda og‘ir metallar xarakatchanligi va ularning o‘simlik tarkibiga o‘tishiga to‘sqinlik qilishi ustida jahonning bir qator olimlari tajribalar o‘tkazib, og‘ir metallar bilan kuchli ifloslangan tuproqda go‘ng, torf va yashil o‘g‘itlar qo‘llanilsa, og‘ir metallarning organik moddalar tarkibida mustahkamlanib qolishi va o‘simlik tarkibiga o‘tishi pasayishini aniqlagan. Tadqiqotimiz orqali tuproqni zararsizlantirishning yangi usul va texnologiyalarini joriy qilish, ularni amaliyotda sinab ko‘rib, eng samaralilarini keng foydalanishga joriy qilishdan iborat.
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati.
Shavkat Akramov olgan suratlar