Deryaguli Kadirov, Turkmaniston fuqarosi, Samarqand davlat universiteti sport faoliyati va sanʼat fakulteti bitiruvchisi:

    - O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov 14 iyul kuni davlat tashrifi bilan O‘zbekistonga kelganida qalbim faxr-iftixorga to‘ldi. Xalqlarimiz, davlatlatlarimiz rahbarlarining samimiy do‘stligi va yaqinligi abadiy bo‘lsin. Prezidentimiz tashrifini kuzatib borib, shunday xulosaga keldimki, turkman-o‘zbek munosabatlarida butunlay yangi davr boshlandi...

    Samarqand mening ikkinchi Vatanim. Samarqand bilan ko‘zimda yosh ila xayrlashyapman. Hayotimning eng go‘zal damlari mana shu afsonaviy shaharda o‘tdi. To‘rt yil tuz yedim. Samarqand davlat universiteti men uchun aziz va mukarram. Bu dargohda nafaqat o‘qidim, balki insoniylik ilmini ham o‘rgandim. SamDU so‘zsiz  Markaziy Osiyo va butun Osiyoning eng ulug‘, eng qadimiy ilm-maʼrifat dargohi hisoblanadi. Men Samarqand davlat universitetida tahsil olganim  bilan faxrlanaman. Turkmanistonga borganimdan so‘ng SamDU haqida gapirib beraman. Bir so‘z bilan aytganda o‘zimni SamDU ning madaniy elchisi, deb hisoblayman. Bu men uchun sharaf, baxt va masʼuliyatdir.

    2018  yilda Samarqand davlat universitetiga o‘qishga kirgan bo‘lsam, to‘rt yil davomida rektorimiz, professor, Senator Rustam Xolmurodov va barcha ustozlarimiz,  do‘stlarim ardog‘ida bo‘ldim. Shuning uchun ham Samarqand davlat universiteti men uchun aziz va qadrli.   Ilk ish faoliyatimni ham  Samarqand shahridagi 14-maktabdan boshladim. Universitet muhiti menga juda yoqdi.  Kelajakda ilmiy faoliyatimni davom ettirmoqchiman. Samarqand davlat universiteti diplomi bilan Turkmaniston mamlakati rivoji va taraqqiyotiga hissa qo‘shaman...

    G‘uncha Jumayeva,  Turkmaniston fuqarosi, Samarqand davlat universiteti tarix fakulteti bitiruvchisi:

    - Tarixdan maʼlumki, o‘zbek-turkman xalqlari doim yaqin qo‘shnichilik aloqalarida bo‘lishgan. Ular urf-odatlari, madaniyati, tili bir-biriga o‘xshash va dini bir bo‘lgan xalqlardir.

    Samarqand davlat universitetida tahsil olganimdan nihoyatda xursandman, bu men uchun ulkan sharaf. To‘rt yil davomida O‘zbekiston va jahon tarixini mukammal o‘rgandim. Fursatdan foydalanib, SamDU tarix fakulteti dekani professor Dilfuza Jo‘raqulova va barcha domlalarimga minnatdorlik bildiraman.

Samarqandda katta hayot  uchun poydevor yaratdim. Men uchun yana bir quvonarlisi Samarqand shahridagi 10-maktabda bir yil davomida pedagogik amaliyot o‘tadim, ish o‘rgandim.

Samarqand davlat universitetida mening eng yaxshi kunlarim o‘tdi. Bu hayotimdagi unutilmas onlar bo‘ldi. Samarqand bu tirik tarixdir. …

   

Behruz SHAMSIDDINOV,

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati xodimi,

Shavkat AKRAMOV olgan suratlar.