Men yashaydigan uy bog‘chaning etagida. Bog‘chaga har yilda bir necha marta qandaydir guruhlarni taklif etishadi. Bugun ham ertalabdan bu takrorlandi. Qo‘shiq va musiqasini balandlatib, yetti mahallani kar qiladigan darajada qo‘ygani mayli (hech birining farosati yetmaydiki, atrofdagi yuzlab xonadonda qariyalar, chaqaloqlar, bemorlar ham bor), chidash mumkin, bolakaylar o‘ynab-kulsin. Ammo, meni repertuar taajjublantiradi: birorta milliy ruhdagisi yo‘q. Holbuki, bolalarning mutlaq ko‘pchiligi mahalliy millatga mansubligi shubhasiz. Bola qanday kuy ostida voyaga yetsa, bir umr shunday kuyga shinvanda bo‘ladi, degan qonun bor. Demak, maktabgacha tarbiya muassasalarida bolalarimizni milliy ruhga begona kuylarga o‘rgatishni maqsad qilishganmi? Sohaga masʼul barcha idoralar, ayniqsa Respublika maʼnaviyat va maʼrifat markazi bu masalani o‘rganib, tegishli yechim topishi zarur deb hisoblayman. (Kosmopolit mutaassiblar uchun oldindan ogohlantirish: men faqat milliy kuylar bo‘lsin deyayotganim yo‘q, meʼyor to‘g‘risida so‘z yurityapman.)

 

Akademik Abdulla A’zamov facebook sahifasidan olindi.