Kundan-kunga insonlar tomonidan o‘simliklar resurslaridan tartibsiz foydalanilishi oqibatida yashil tabiat o‘simliklari orasida xilma-xillik yo‘qolib bormoqda. Iqlim o‘zgarishi, global isish ta’sirida o‘simliklar qoplami inqirozga uchramoqda. O‘rta Osiyo florasida antropogen va iqlim o‘zgarishi omillari bosimi ostida ko‘plab noyob turdagi o‘simliklar yo‘qolib bormoqda. Xususan, yalpizdoshlar oilasiga kiradigan bir qator o‘simliklar shular jumlasidandir. Yalpizdoshlar oilasi yer yuzidagi eng yirik o‘simlik oilalaridan biri hisoblanadi. Uning vakillari asosan issiq va mo‘tadil iqlimli mamlakatlarda keng tarqalgan. Bu oilaga 200 ga yaqin turkum va 3000 tur kiradi. Oʻrta Osiyoda 53 turkumga mansub 360 tur, Oʻzbekistonda esa 39 turkumga mansub 238 tur oʻsishi maʼlum. Yalpizdoshlar oilasi Oʻzbekiston florasida ham keng tarqalgan oilalardan biri boʻlib, foydali turlarga boyligi bilan boshqa oilalardan ajralib turadi. Yalpiz, marmarak, kiyikoʻt, bozulbang, togʻrayhon, limonoʻt, arslonquyruq kabi turkumlarning vakillari juda qadimdan beri tibbiyotda, oziq-ovqat, qandolatchilik va parfumeriya sanoatida foydalanib kelinmoqda. Bozulbang yalpizdoshlar oilasiga mansub, dorivor o‘simlik bo‘lib qadimdan xalq tabobatida ishlatib kelinadi. Samarqand viloyatida o‘sadigan 3 turi O’zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan. Samarqand davlat univeristetida ushbu noyob o‘simlikning bioekologik xususiyatlarini o‘rganish, ko‘paytirishning yangi usullarini aniqlash bo‘yicha olib borilayotgan salmoqli ishlardan biri SamDU biologiya fakulteti magistri Gulbonu To‘raqulovaning “Lagochilus Bunge (Sarxush bozulbang) turkum turlarini in vitro sharoitida ko‘paytirish va SamDU Botanika bog‘ida kolleksiyasini barpo etish” mavzusidagi tadqiqotidir. Tadqiqotchi botanika kafedrasi dotsenti Akbar Ahmedov ilmiy rahbarligida bozulbang o‘simligini ko‘paytirish usullari va bioekologik xususiyatlari mavzusida ilmiy tadqiqot olib boradi.

    – Bozulbangning Yer yuzida 46 ta, O‘zbekistonda 13 ta turi bor, - deydi tadqiqotchi Gulbonu To‘raqulova. -  Bugun ushbu turkum turlarining ko‘pchilik populyatsiyalari yo‘qolib ketish xavfi ostida. Shuning uchun ularni tabiatda saqlab qolish maqsadida monitoring ishlarini olib borish zarur. Hozirgi kunda, Lagochilus turkum turlarini “In vitro” sharoitida ko’paytirish va kolleksiyasini barpo etish dolzarb hisoblanadi.  Bozulbangning xalq xoʻjaligida foydalanilishi va ishlatilishi boʻyicha amalga oshirilgan tahlillar shuni ko‘rsatdiki, bozulbangning mavjud turlarida orasida asal-shira va efir moy olinadigan turlari bilan bir qatorda dorivor va dekorativ, yaʼni manzarali turlari ham yurtimizda keng tarqalgan.Oilaga mansub 74 tur oʻsimlikdan esa hozircha foydalanilmasligi maʼlum boʻldi. Bozulbang qimmatli dorivor o‘simliklar qatorida bo‘lib, ular asab tizimini tinchlantirishda, teri kasalliklarini davolashda, qon bosimini nazorat qilishda, ichki va tashki qon ketishlarni to‘xtatishda samarali vosita hisoblanadi.

Iroda Bekmurodova
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi