Suvosti organizmlar ekologiyasi

Samarqand shahri azal – azaldan o‘zining tabiiy resurslari, toza zilol suvlari bilan yetti iqlimga mashhur bo‘lgan. XIV asrning ikkinchi yarmi va XV asrning 50 yillarida hamda XVII-XVIII asrlarda Samarqand nafaqat O‘rta Osiyoning balki, butun sharqdagi eng obod va boy shaharlarining biriga aylandi. Yangi turar joylar, hashamatli saroylar qatorida, yangi sug‘orish kanallari Abbos, Siyob, Obi Raxmatlar barpo etilgan. Eski Darg‘om, Dashtak, Shavdor sug‘orish sistemalari esa tiklangan. Qora suv, Obi Mashhad, Obi Raxmat buloqlardan hosil bo‘lgan ariqlardir. Ushbu suvlarda zoobentoslarning – suv osti organizmlarning o‘nlab turlari hayot kechiradi, ularning ayrimlari biosenozlarda soni jihatidan ko‘pchilikni tashkil etadi. Samarqand davlat universiteti doktoranti Dildora Olimova “Samarqand shahri va uning atrofi suv havzalaridagi zoobentos organizmlar ekologiyasi” mavzusida ilmiy tadqiqot olib boradi. Ilmiy rahbari SamDU ekologiya va hayot faoliyati xavfsizligi kafedrasi professori Zuvayd Izzatullayev.
– Biz o‘rganayotgan zoobentos organizmlar suv havzalari suvi ostida yashovchi turli xil hayvonlar yig‘indisidir, - deydi Dildora Olimova. - Ularning turli tumanligi: suv osti hasharotlari lichinkalari, mollyuskalar, zuluklar, baliqlar, kemiruvchilar va boshqa organizmlar suv osti va girdi qushlari, sudralib yuruvchilar hamda boshqa organizmlar, hatto inson uchun ham oziqa manbai bo‘lib xizmat qiladi. Ular suv ostida yashab, suvni filtrlaydi, ya’ni tabiat sanitarlaridir. Ushbularni inobatga olsak, ma’lum hudud zoobentos organizmlarini har tomonlama o‘rganish, turli suv tiplarida tarqalgan suv osti organizmlarining turlar tarkibini aniqlash, ularning zamonaviy taksonomiyasini tuzish, ekologo-biologik va ekologik guruhlarini tavsiflash, zararli xususiyatlarini o‘rganish va noyob turlarni muhofaza chora-tadbirlarini ishlab chiqish ilmiy – amaliy ahamiyat kasb etadi va ishning dolzarbligini aniqlaydi. Aksariyat suv osti organizmlari: baliqlar, kemiruvchilar, sudralib yuruvchi va amfiyabiyalar uchun oziqa manbaidir. Qolaversa, ularning ayrim turlari, masalan, tubifisitlar, xironomidlar, mollyuskalar, baliqlar ifloslangan suvlarni tozalashda (filtrlashda) ishtirok etadi, ya’ni yaxshi biologik indikatorlar hisoblanadi.
Mazkur tadqiqotning asosiy vazifalari Samarqand shahri va uning atrofi turli suv havzalarida tarqalgan zoobentos organizmlarning tarkibini aniqlash va zamonaviy holatini baholash, shu bilan birgalikda ularning suv havzalarida tarqalishi tahlil etish va ularga ekologik omillarning ta’sirini o‘rganishdan iboratdir. Shuningdek, suv osti organizmlarning xo‘jalikdagi ahamiyatini tahlil qilish, ularning kamyob va muhofazaga muhtoj turlar tarkibini aniqlash, himoya qilish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish va tarqalish xaritalarini tuzish muhim hisoblanadi.
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati.
Shavkat Akramov olgan suratlar.