SamDU talabasi biznes rejasiga 400 ming dollar miqdorida investitsiya ajratildi...

Samarqand davlat universiteti talabasi, yosh tadbirkor Nilufar Omonovaning talaba qizlar orasida IT sohasini ommalashtirish bo‘yicha ishlab chiqqan biznes rejasiga Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan 400 ming dollar miqdorida investitsiya ajratildi...
Xotin-qizlar o‘rtasida zamonaviy kasblarni egallash, ularning jamiyatdagi o‘rnini mustahkamlash, qizlar o‘rtasida IT ni rivojlantirish, ularni IT ta’lim markazlarida o‘qitish va mahalliy kompaniyalarga ishga joylashtirish bugungi kunning dolzarb vazifalari qatorida ekanligi barchaga ma’lum.Yosh tadbirkor Nilufar Omonova ham ana shunday ulkan maqsad yo‘lida intilmoqda, desak xato bo‘lmaydi.
-Shu kunga qadar 800 nafardan ortiq o‘quvchilarni IT ga o‘rgatib kelmoqdaman, - deydi yosh tadbirkor Nilufar Omonova. - Faoliyatim davomida ko‘p bor guvoh bo‘lganman. Oramizda dasturchi bo‘lish qizlar uchun emas, deb o‘ylaydiganlar nihoyatda ko‘p. Qizlarning o‘zidan ham, men qiz bola bo‘lsam, qo‘limdan kelarmikan, degan gaplarni bir necha bor eshitganman. Aslida bu soha jinsidan qat’i nazar hamma uchun birday kerakli va foydali soha. Yaqinda muhtaram Prezidentimizning dasturchilar bilan uchrashuvida ham shu masaladagi taklifimni aytgan edim. Keyinchalik bu taklifni biznes-rejaga aylantirib, tegishli tashkilotlarga murojaat qildik. Murojaatim besamar ketmadi. Bizning “MIT Academy” o‘quv markazimiz faoliyatini yanada rivojlantirish, moddiy-texnik bazasini yangilash, o‘quv markazda xotin-qizlarni IT va axborot texnologiyalari sohalari bo‘yicha o‘qitishga 400 ming AQSH dollari miqdorida investitsiya ajratiladigan bo‘ldi. Endi qizlarni IT ga yo‘naltirib, xotin-qizlarning zamonaviy kasblarni o‘rganishlarini targ‘ib qilish uchun yetarlicha imkoniyatimiz bo‘ladi. Bu orqali ularning jamiyatdagi o‘rnini yanada mustahkamlashga hissa qo‘shayotganligimdan mamnunman.
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati