Samarqand davlat universitetida “Sulton Yildirim Boyazid va Amir Temur” xalqaro simpoziumi boshlandi...

Samarqand davlat universiteti hamda Turkiyaning Anqara Yildirim Boyazid, Bursa Uludag‘ universitetlari hamkorligida tashkil etilgan “Sulton Yildirim Boyazid va Amir Temur” xalqaro simpoziumining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Nufuzli anjumanda ikki qardosh, o‘zbek va turk xalqlarining ilm-fan vakillari, jamoat arboblari ishtirok etdi.
Anjumanda so‘zga chiqqanlar bugungi siyosiy muvozanat sharoitida o‘zaro hamkorlik va do‘stlik aloqalarini rivojlantirish, mavjud aloqalar tarixini o‘rganish, kelajakdagi do‘stlik va hamkorlik uchun zamin hozirlash muhim ahamiyatga ega ekanligini taʼkidladi. Bu borada anjumanga nafaqat taʼlim sohalari balki ijtimoiy-siyosiy hayotning boshqa tarmoqlari bo‘yicha masʼullar ham qiziqish bildirganligini alohida qayd etish joiz.
-Turkiya universitetlari bilan yo‘lga qo‘yilgan aloqalar ilm-fan va taʼlim uchun muhim hodisa, - deydi Samarqand davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi Rustam Xolmurodov, - Ushbu hamkorlikni sivilizatsiyalararo almashinuv va ilm-fan yutuqlari integratsiyasi orqali yana-da jadallashtirish navbatdagi vazifamiz hisoblanadi. Xalqaro anjumanning qadimiy va hamisha navqiron Samarqand shahrida o‘tkazilayotganini alohida taʼkidlash joiz. Sababi, Samarqand shahri Buyuk Ipak yo‘lining yuragi sifatida azal-azaldan xalqlarni birlashtirgan nuqta bo‘lgan. Bugun o‘zbek va turk xalqlarining tarixiy do‘stlik aloqalari Samarqandning ko‘hna osmoni ostida yana bir bor bog‘lanmoqda. Samarqand davlat universiteti Turkiya universitetlari bilan mavjud aloqalarni yana-da kengaytirish va ilm-fan olamida muhim o‘ringa ega bo‘lgan bu kabi anjumanga mezbonlik qilayotganidan faxrlanamiz.
-“Sulton Yildirim Boyazid va Amir Temur” xalqaro anjumani Turkiya-O‘zbekiston aloqalarining yangi bosqichiga asos solishiga ishonaman, - deydi Anqara Yildirim Boyazid universiteti rektori Ibrohim Aydinli, - Simpozium orqali til va eʼtiqod birligi bilan bog‘langan ko‘hna tariximiz yangi nigohda o‘rganilayotgani har ikki tomon uchun foydali bo‘ladi. Anjuman ikki xalqning ilm-fan vakillari nigohida, ayniqsa tarix sohasida yangi va muhim bosqichga zamin hozirlaydi. Maqsadimiz – tarixiy aloqalarni yana-da kengaytirish hamda u orqali kelajakdagi siyosiy-iqtisodiy hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarish.
-Maʼlumki, turkiy dunyo sivilizatsiyasida xalqlarning o‘zaro birlashishi siyosiy maydonda qudratli kuch yuzaga kelishiga sabab bo‘ladi, - deydi “Ipak yo‘li” turizm va madaniyat universiteti birinchi prorektori Jo‘liboy Eltazarov, - Afsuski, uzoq yillar Temuriylar va Usmoniylar o‘rtasidagi munosabat masalasi turli siyosiy maqsadlarga bo‘ysundirib kelindi. Natijada o‘zbek-turk munosabatlari uzoq yillar shunday to‘siqlar taʼsirida bo‘ldi. Endi tariximizda Amir Temur va Boyazid Yildirim shaxslariga oid maʼlum va nomaʼlum haqiqatlar har qanday to‘siqlarsiz, xolis va yangi nigohda qayta kashf etiladi.
Shuningdek, anjuman davomida simpozium ishtirokchilari bo‘lgan tomonlar bir-birlariga esdalik sovg‘alari topshirdi.
Kunning ikkinchi yarmida ishtirokchilar Samarqand davlat universitetida to‘plandi va simpozium sho‘balarga bo‘lingan holda o‘z faoliyatini davom ettirdi.
Amir Temur va Temuriylar tarixi, Sulton Yildirim Boyazid hukmronlik davri, bu ikki shaxsning madaniyat, ilm-fan, meʼmorchilik, islom huquqi va kalom ilmi tarixida tutgan o‘rni, Temuriylar va Usmoniylar o‘rtasida qadimiy diplomatik aloqalar tarixini o‘rganishga doir masalalar haqidagi maʼruzalarda bildirilgan yangi ilmiy qarash va farazlar anjumanning ko‘tarinki ruhda o‘tishiga zamin yaratdi.
Iroda Bekmurodova,
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi.
Shavkat Akramov olgan suratlar.