Samarqand davlat universitetida o‘tkazilayotgan “Sulton Yildirim Boyazid va Amir Temur” xalqaro simpoziumi 18-oktyabr - Samarqand shahri kuni shodiyonalariga ulanib, yanada ko‘tarinkilik kasb etmoqda.

    Bugun Samarqand davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi Rustam Xolmurodov, Anqara Yildirim Boyazid universiteti rektori, professor Ibrohim Aydinli hamda simpozium ishtirokchilari Samarqand shahridagi Amir Tyemur haykali poyiga gul qo‘ydi.

    Sohibqiron Amir Temur va Sulton Yildirim Boyazid siymolari xalqlarimizga necha asrlar davomida faxr-iftixor bag‘ishlab kelmoqda. Bugun Amir Temur haykali poyiga yig‘ilgan ikki xalq olimlari, ilm-fan namoyandalari,  jamoat arboblarining nigohida shu shonli haqiqat aks etgan.

    -Amir Temur xotirasiga hurmat va ehtirom shu Vatanda yashayotgan har bir shaxsning qalbida yashaydi, - deydi Samarqand davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi Rustam Xolmurodov, - Bu zot nafaqat o‘zbek xalqi, balki butun turk dunyosi, hatto Gʻarb xalqlari orasida ham alohida e’tirofga, hurmatga loyiq. Turk birodarlarimiz bilan haykal poyiga gul qo‘yar ekanmiz, Amir Temurning mardona ruhi bizni kuzatib turganday bo‘ldi. Turkiy xalqlar birligi umumbashariy sivilizatsiya sari yo‘l ochadi. Ajdodlarimiz boshlab bergan sharafli yo‘lni davom ettirish, bugun har birimizning sharafli burchimizdir.

 

Iroda Bekmurodova,

Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi.

Shavkat Akramov olgan suratlar.