“Samarqand davlat universitetini tanladim...”

Samarqand davlat universiteti filologiya fakulteti talabasi, shashka bo‘yicha ikki karra jahon chempioni, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibasi Mahbuba Halilova bilan suhbat
-Nima uchun aynan shashka sport turini tanlagansiz?
- Shashkani tanlashimga asosiy sabab bu – oilaviy muhit. Dadam va amakilarim shashka bilan shug‘ullangan. Ularning ta’sirida bu sport turiga qiziqishim ortdi. Maktabda boshlang‘iya sinq vaqtimdayoq shashka to‘garaklariga borardim. Murabbiyim - Samarqand viloyati shashka federasiyasi raisi, shashka bo‘yicha xalqaro toifadagi grossmeyster Amirullo Abdullayev.
-Eng esda qolarli g‘alabangiz qaysi?
-17 yoshgacha faqat respublika chempionatlarida ishtirok etganman. 18 yoshimda Osiyo chempionatiga chiqdim va Osiyo chempioni bo‘ldim. Bu g‘alabam hayotimda unutilmas voqea bo‘lib qoldi. 2021-yilda Bolgariyada o‘tkazilgan jahon chempionatida 23-yoshgacha o‘smirlar o‘rtasida bitta oltin va bitta kumush medalni qo‘lga kiritdim. Shundan keyin Qirg‘izistondagi jahon chempionatida kumush medal sovrindori bo‘ldim. Shu kungacha uch karra O‘zbekiston chempioni, bir karra Osiyo va ikki karra jahon chempioni bo‘lishga muvaffaq bo‘ldim. Joriy yilda sport yo‘nalishida Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sovrindorligi nasib qildi.
-Juda ko‘pchilik qizlarning orzusi bo‘lgan bu mukofotni olish bilan bog‘liq jarayon haqida to‘xtalsangiz?
-14 yoshimdan beri ushbu mukofot sovrindori bo‘lishni orzu qilaman. Niyatim xolis ekan, erishdim. Zulfiya mukofoti uchun harakat qilayotgan opa-singillarim va tengdoshlarimga hech qachon harakatdan to‘xtab qolmaslik kerakligini aytgan bo‘lardim. Nomzodlar orasida to‘qqiz-o‘n yillab harakat qilganlari bor. Eng muhimi orzuni maqsadga aylantirib, oldingi intilishda davom etish. Astoydil qilingan mehnat bir kun albatta o‘z mevasini beradi.
-Nega aynan Samarqand davlat universitetini tanlagansiz?
- Zulfiya mukofotini qo‘lga kiritganimdan keyin menda xohlagan universitetga imtiyoz asosida o‘qishga kirish imkoniyati bor edi. Men o‘qish uchun Samarqand davlat universitetini tanladim. Chunki, SamDU ning tobora ortib borayotgan nufuzi, talabalarga berilayotgan imkoniyatlar menda havas uyg‘otgandi. Filologiya sohasiga esa azaldan qiziqaman. Garchi asosiy erishganlarim sportda bo‘lsa-da, men shashkani hobbi deb bilaman. Badiiy asarlar o‘qish, insholar yozish jon-u dilim. Kelajakdagi faoliyatimni ilm-fan yo‘li bilan bog‘liq bo‘lishini istayman va shu uchun harakat qilmoqdaman.
-Sport qiz bolaga nima bera oladi?
- O‘zim misolida aytadigan bo‘lsam, shu kunga qadar nimagiki erishgan, qanday marralarni zabt etgan bo‘lsam hammasiga sport tufayli erishdim. Shashka aql bilan bog‘liq sport turi bo‘lgani uchun jinsidan qat’iy nazar barcha uchun birday foydali.
-Bugungi O‘zbekistonda shashka sporti qay darajada rivojlanyapti deb o‘ylaysiz?
-Hozirgi kunda shashka sporti yaxshi rivojlanyapti. Ammo shaxmatdek emas. Bu sport turiga xalqaro miqyosda e’tiborni kuchaytirish kerak deb o‘ylayman. Shaxmat bo‘yicha ko‘plab butunjahon olimpiadalari, chempionatlar o‘tkaziladi. Shu kabi chempionatlar shashkada ham kengaytirilsa, yanada yaxshi bo‘lardi.
-Kelajakdagi orzularingiz?
-Xalqaro toifadagi sport ustasi bo‘lish. Jahon grossmeysteri unvonini olish.
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi
Iroda Bekmurodova suhbatlashdi.
Shavkat Akramov olgan suratlar.