19-21 oktyabr kunlari Buxoro, Navoiy va Samarqand shaharlarida Ozarbayjon madaniyati va adabiyoti kunlari o‘tkazildi. Shu munosabat bilan Samarqand davlat universitetiga Ozarbayjon Respublikasi Milliy Majlisi deputati Ganira Pashayeva va Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazi direktori Samir Abbosov boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi...

    - O‘zbekiston va Ozarbayjon madaniyat vazirliklari hamkorligida Ozarbayjon madaniyati va adabiyoti kunlari o‘tkazilmoqda, - deydi Samir Abbosov. – Samarqand biz uchun aziz va mukarram, juda qadrli shahar. Bu yerda bir qator xalqaro konfernsiyalar, konsert dasturlari, muhim tadbirlarni o‘tkazib kelmoqdamiz. Ayniqsa, Ozarbayjon milliy madaniyat markazining Samarqand shahrida joylashganligi bizni juda quvontiradi. Samarqand davlat universiteti esa bizning doimiy hamkorimiz. Buning isboti sifatida SamDU da Ozarbayjon madaniyat markazi faoliyat yuritilayotganligini ko‘rishimiz mumkin… Bugun o‘zbek xalqi uchun katta bayram. Shu munosabat bilan  o‘zbek  xalqini tabriklayman…

    - Tili, madaniyati, dini, tarixi bir bo‘lgan kuchli xalqmiz, - deydi Ozarbayjon Respublikasi Milliy Majlisi deputati Ganira Pashayeva. – Ikki xalqning do‘stlik rishtalarini buyuk shoirlar Nizomiy Ganjaviy, Alisher Navoiy, Muhammad Fuzuliy sifatida bilishimiz mumkin. Bu turkiy xalqlar orasida ustoz-shogirdlik anʼanasi hozirga qadar saqlanib qolingan… Samarqand shahrida o‘tkazilgan SHHT sammitida Shavkat Mirziyoyev va Ilhom Aliyevlar ham tarjimonsiz erkin muloqot qildi… Davlatlarimiz va xalqimiz tinchligiga ko‘z tegmasin…

    Shuningdek, yozuvchi Ganira Pashayevaning “Addim-addim Özbǝkistan” (O‘zbekiston bosqichma-bosqich) kitob taqdimoti o‘tkazildi…

    Tadbir so‘ngida Ganira Pashayeva Samarqand davlat universiteti talabalariga  kitoblaridan sovg‘a qildi…

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati,

Shavkat Akramov olgan suratlar.