Samarqand davlat universitetida akademik Vohid Abdullayev tavalludining 110 yilligiga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi...

Samarqand davlat universitetida, O‘zbekistonda Respublikasi fan arbobi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi, Vohid Abdullayev tavalludining 110 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan “Akademik Vohid Abdullayev va Samarqand adabiyotshunoslik maktabi” mavzusida ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.
Unda atoqli davlat va jamoat arboblari, Vohid Abdullayevning oila a’zolari hamda Samarqand davlat universiteti ilmiy jamoatchiligi va talabalar ishtirok etdi.
Anjumanni Samarqand davlat universiteti ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Hakim Xushvaqtov kirish so‘z bilan ochdi. Shundan so‘ng atoqli olimning zamondosh va shogirdlari, ilm-fan vakillari Vohid Abdullayev shaxsiyati, ilmiy merosi hamda o‘zbek mumtoz adabiyotining boy tarixini o‘rganish borasidagi faoliyati haqida o‘z fikrlarini o‘rtoqlashdilar. Tadbirda so‘zga chiqqanlar Vohid Abdullayevning porloq xotirasini yod etar ekan, olim asos solgan o‘zbek mumtoz adabiyotshunoslik maktabi, uning bugungi namoyandalari oldida turgan muhim vazifalarni amalga oshirish jarayonida Vohid Abdullayev ilmiy merosining ahamiyati haqida alohida to‘xtaldi.
-XX asrdan boshlab o‘zbek mumtoz adabiyotining o‘rganilishi o‘zining yangi yuksalish bosqichiga kirdi, - deydi Samarqand davlat universiteti professori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi Muslihiddin Muhiddinov, - Samarqandda adabiyotshunoslik ilmiy maktabiga asos solgan Vohid Abdullayev teran nigoh va milliy g‘urur bilan o‘z Vatani, xalq adabiyoti manfaatlarini himoya qilgan buyuk siymodir. Qayd etish kerakki, Alisher Navoiy haqidagi dastlabki tadqiqotlar Samarqand ilmiy muhiti namoyandalari tomonidan yaratildi. Vohid Abdullayev Navoiy mulkining nigohboni sifatida butun umrini bu merosni o‘rganishga baxsh etdi. Olimning deyarli barcha tadqiqotlari Navoiyning shaxsiyati, hayoti, ijod va faoliyatini o‘rganishga bag‘ishlangan. Shu boisdan bo‘lsa kerak, Navoiy shaxsiga xos ulug‘vor ruh Vohid Abdullayev siymosiga singgandek go‘yo...
- Vohid Abdullayevning ilm-fan va adabiyotdagi o‘rni, qoldirgan ilmiy merosi o‘z sohasining yetuk vakillari tomonidan e’tirof etilayotgani meni nihoyatda xursand qiladi, - deydi Vohid Abdullayevning o‘g‘li Shavkat Abdullayev, - Bo‘lib o‘tgan anjumanni kuzatar ekanman, go‘yo shu davra ichra otamning ruhi kezib yurganday bo‘ldi. Vohid Abdullayev qoldirgan ilmiy merosni to‘la-to‘kis o‘rganib chiqish, targ‘ib qilish uchun juda ko‘p ishlar qilinishi kerak. Bugungi anjuman ushbu vazifani amalga oshirishda muhim omil bo‘lishi, shubhasiz.
-Akademik Vohid Abdullayev o‘zidan har qanday olim havas qilsa arziydigan ilmiy meros qolirgan, - deydi filologiya fanlari nomzodi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Sultonmurod Olim, - Ilm – tadrijiy jarayon. Ifodali qilib aytilsa, fanning muayyan sohasi olimlari hamkorlikda bir butun imorat quradi. Esdan chiqarmaylikki, bu imoratning biz turgan qavati ostida yana necha-necha qavat bor. Shu ma’noda fanimizning Vohid Abdullayev kabi bizdan oldingi zahmatkashlari hayoti va ijodiy merosini o‘rganish faqat ularni xotirlash, xizmatlarini qayd etish, ma’nan qadrlash uchungina emas, balki fanimizni bundan keyin ham rivojlantirish uchun suv va havodek zarur.
Konferensiya davomida akademik olimning faoliyati haqida bildirilgan fikrlar va olim xotirasini abadiylashtirishga qaratilgan takliflar Samarqand ilmiy-adabiy muhitining buyuk namoyandasi Vohid Abdullayev xotirasiga ehtiromning o‘ziga xos namunasi bo‘ldi.
Iroda Bekmurodova,
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi.
Shavkat Akramov olgan suratlar.