Samarqand davlat universitetida “17 noyabr – Xalqaro talabalar kuni” munosabati bilan bir guruh faol talaba-yoshlar taqdirlandi...

O‘qishda va jamoat ishlarida faollik ko‘rsatgan, yuqori salohiyatli yoshlar hamisha e’tirof va e’tiborda. “17-noyabr – Xalqaro talabalar kuni” munosabati bilan Samarqand davlat universitetining bir qator faol talabalari, shuningdek, chet tili bo‘yicha yuqori darajali xalqaro sertifikatga ega bo‘lgan bir guruh yoshlar mukofot va sertifikatlar bilan taqdirlandi.
-Talabalik har bir yosh qalb uchun katta hayotga qadam qo‘yish, jamiyatda o‘z o‘rnini topish va ulkan orzu-umidlar davridir, - deydi Samarqand davlat universiteti o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Ahmadjon Soliyev, - Sizlarning oldingizda faqat bir vazifa: chuqur bilim olish va o‘z kasbingiz bo‘yicha yetuk kadr bo‘lib yetishish vazifasi turibdi. Shunday ekan, ulkan maqsadlar sari dadil harakat qilishda davom eting. Samarqand davlat universiteti talaba-yoshlarning orzu-intilishlari va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishga hamisha tayyor.
-Bayram munosabati bilan taqdirlangan bir guruh talabalar safida ekanligimdan mamnunman, - deydi yuridik fakulteti talabasi Diyor Shirinboyev, - Joriy yilda ingliz tili bo‘yicha xalqaro IELTS 7.5 sertifikatini qo‘lga kiritdim. Ilm-ma’rifatga bo‘lgan mehrimiz va bu yo‘ldagi ozmi-ko‘pmi harakatlarimiz universitet e’tirofida ekanligi bizni yangi muvaffaqiyatlar sari qadam qo‘yishda dadillantiradi. Bayram munosabati bilan barcha talabalar va tengdoshlarimni tabriklayman.
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati