“Dunyo shohsupasida O‘zbekiston bayrog‘i hilpirashini ko‘rsam, hammasini unutaman...”

Yaqin kunlarda Iordaniyada o‘tkazilgan boks bo‘yicha erkaklar va ayollar o‘rtasidagi Osiyo chempionati oltin medali sohibi, Samarqand davlat universiteti talabasi Navbahor Hamidova bilan suhbat
-Nega aynan boks sport turini tanlagansiz?
-2016-yilgi Braziliyada bo‘lib o‘tgan olimpiadada o‘zbekistonlik bokschilarning ishtirokini katta qiziqish bilan tomosha qildim. O‘sha yili bokschilarimiz juda yuqori natijalarni qo‘lga kiritgandi. Ularning shohsupa ustida O‘zbekiston bayrog‘i ko‘tarilganda, madhiyamiz yangraganda quvonchdan yig‘layotganlarini ko‘rib, juda ham ta’sirlandim. Yuragimda chempion bo‘lish sari havas uyg‘ondi. Hammasi shundan keyin boshlandi. Azaldan boksga qiziqqanman. Lekin maxsus shug‘ullanmasdim. Shu voqeadan keyin boks mashg‘ulotlariga qatnay boshladim.
-Eng esda qolarli g‘alabangiz qaysi?
- Iordaniyada o‘tkazilgan Osiyo chempionatidagi g‘alabam. Final jangida Janubiy Koreyalik Choi Xongeun ustidan g‘alaba qozonib, osiyo chempionligini qo‘lga kiritdim. Bu oson bo‘lgani yo‘q. Ushbu g‘alabamni uzoq yillik tinimsiz mehnat, oilamdan uzoqda tortgan qiyinchilik va mashaqqatlarimning mahsuli deb bilaman. Ammo jahon shohsupasida oltin medalni taqib qo‘yisharkan, O‘zbekiston bayrog‘i ko‘tarilganini ko‘rishim bilan hammasi unutildi. Bu holatni so‘z bilan tasvirlab berish qiyin...
-Muvaffaqiyatingizning sirini nimada deb bilasiz?
-Mehnat, sabr va albatta, Allohning qo‘llashi.
-Mag‘lubiyatni qanday qabul qilasiz?
-Mag‘lubiyat va g‘alaba doim birga yuradi, deyishadi. Mag‘lubiyatsiz g‘alaba bo‘lmaydi, albatta. Muhimi, uni to‘g‘ri qabul qilish. Mag‘lub bo‘ldingizmi, demak maqsadga erishishingiz uchun sizda nimadir kam. Bu holatda tushkunlika tushmasdan, o‘z ustida ishlashda davom etish lozim. Ko‘proq mehnat qilish kerak. Men mag‘lubiyatni hamisha to‘g‘ri qabul qilaman.
-Sport siz uchun nima?
-Sport – mening hayotim! Men yil bo‘yi ota-onam, yaqinlarim va uyimizdan uzoqda bo‘laman. Doimiy ravishda musobaqalarga tayyorgarlik va mashg‘ulotlar shuni taqozo qiladi. Shunday bo‘lganidan keyin, hayotingizning bir qismi bo‘lgan jamoa, ustozlaringiz va doimiy mashg‘ulotingiz sizning oilangizga aylanib qolarkan...
-Sportni tark etish haqida o‘ylagan vaqtingiz bo‘lganmi?
-Ha, bo‘lgan. Ketma-ket musobaqalarda yutqazib qo‘ygan vaqtlarim, mendan bokschi chiqmasa kerak deb o‘ylab qattiq siqilardim. Shunday vaziyatlarda ustozim Elshod Rasulov menga ruhan dalda berardi. Ustozim sabab kuchli mehnat bilan bu holatdan chiqib ketishga harakat qilardim.
-Sizningcha, sport qiz bolaga nima bera oladi?
- Insonning orzu-maqsadlari bir eshik bo‘lsa, sport – shu eshikni ochuvchi kalit. Ba’zi qizlar o‘z orzulari sari dadil harakat qilishdan cho‘chiydilar. Sport menga eng avvalo, maqsadlarim tomon qadam qo‘yishga kuch berdi.
-Bugungi O‘zbekistonda boks qay darajada rivojlanyapti deb o‘ylaysiz? Bu borada qo‘shimcha takliflaringiz bormi?
-O‘zbekistonda boks a’lo darajada rivojlanmoqda. O‘zbek bokschilari jahon bo‘yicha alohida havas bilan e’tirof etilmoqda. Bularning hammasi Davlatimiz rahbari tomonidan qaratilayotgan e’tibor, yaratilayotgan shart-sharoitlarning mahsulidir. Ammo aytish joizki, bizda ayollar boksi erkaklar boksi bilan teng emas. Bunga bir tomondan ko‘pchilik odamlarning boksni qizlar uchun to‘g‘ri kelmaydigan sport deb hisoblashlari ham sabab bo‘ladi. Ammo har qanday sport, agar astoydil harakat qilinsa, inson uchun sog‘lom hayot va maqsadlar ro‘yobi garovi bo‘lib xizmat qiladi. Shu kunga qadar nimagaki erishgan bo‘lsam, hammasiga sport tufayli erishdim. Ortimda shunday Vatanim, Prezidentim turgani menga hamisha kuch berdi. Buning uchun avvalo, Vatanim, ota-onam, murabbiylarim, men tahsil oladigan dargoh - Samarqand davlat universitetidan minnatdorman.
-Kelajakdagi maqsad va rejalaringiz qanday?
-Olimpiada chempioni bo‘lib, jahon shohsupalarida Vatanimiz bayrog‘ini yuksaklarga ko‘tarish.
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi
Iroda Bekmurodova suhbatlashdi.