Samarqand davlat universitetida “qalb shifokorlari” bayrami keng nishonlandi…

Psixologiya bu shaxsning psixikasi va psixologik faoliyatining ishlashi, rivojlanishi hamda paydo bo’lishi qonuniyatlarini o’rganadi. Inson mavjud ekan o’z hayotiy tajribasiga asoslanib, u yoki bu holda idrok etish, olamni anglash, narsa va hodisalarni ajratish kabi xususiyatga ega.
Samarqand davlat universiteti psixologiya va ijtimoiy-siyosiy fanlar fakultetida xalqaro psixologlar kuniga bag’ishlangan tadbir o’tkazildi. Unda huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari, professor-o’qituvchi va talabalar ishtirok etdi.
Psixologlar kechasini Samarqand davlat universiteti yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo’yicha prorektori, professor Shahzoda Negmatova kirish so’z bilan ochib, barchani bugungi ayyom bilan muborakbod etdi. Shuningdek, inson ruhiyatining shifokorlari bo’lgan psixologlar kasbi sharafli va mas’uliyatli ekanligini alohida ta’kidladi.
Tadbirda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan doimiy hamkorlikda ishlagan fakultetning bir qator professor-o’qituvchilariga esdalik sovg’a va sertifikatlar topshirildi.
- Psixolog deganimizda ko’z o’ngimizda bir insonning ichki kechinmalari, xarakteri va dunyoqarashi bilan ishlab, hayotga bo’lgan qiziqishini orttiradigan, atrofdan go’zallik izlashga yordam beradigan kasb egalari gavdalanadi, - deydi SamDU psixologi Roziya Nomozova. – Bejizga pisxologlarni qalb shifokorlari deyishmaydi. Har bir inson bilan mukammal muloqot olib borish, uning muammolarini o’rganish va unga yechim topish katta mahorat talab etadi. Bir gap bilan aytganda bugungi kunda jamiyatimiz uchun bu kasb muhim ahamiyatga ega. Barcha hamkasblarimizga bugungi kun muborak bo’lsin…
Fakultetning iqtidorli talabalari tomonidan olib borilgan psixologik trening mashg’ulotlari ishtirokchilarga yuqori kayfiyat ulashdi…
Behruz Shamsiddinov
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi,
Shavkat AKRAMOV olgan suratlar.