Samarqand davlat universiteti va Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi hamkorligida “Jaholatga qarshi – maʼrifat” gʻoyasi asosida “Ilmdan boshqa najot yoʻq va boʻlmagay” mavzusida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir o’tkazildi.

    Shuningdek, markaz tomonidan chop etilgan Imom Moturidiyning “Taʼvilot al-Qurʼon” asarining 30 juzi, Abd ibn Humayd Keshiyning “Musnadi Keshiy” asarlari hamda “Buyuk allomalarimiz” haqidagi xalqchil risola va “10 ta haqiqat” asarlari taqdimoti boʻlib oʻtdi.

    Tadbirda Samarqand davlat universiteti kimyo fakulteti professor o’qituvchilari, talabalar hamda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi mutassadilari ishtirok etdi.

    Unda mamlakatimizda yoshlarning ilm olishlari uchun yaratib berilgan keng imkoniyatlar, taʼlim sohasida olib borilayotgan islohotlar hamda diniy-maʼrifiy sohaga qaratilayotgan eʼtibor xususida soʻz borib, turli tahdidlardan saqlanishning yagona yoʻli maʼrifat ekani alohida taʼkidlandi.

    Maʼruzachilar tomonidan ilm va maʼrifat haqidagi hadislardan namunalar keltirildi hamda buyuk mutafakkirlarimiz boy ilmiy-maʼnaviy merosini asl holatida oʻrganishning bugungi kundagi yuksak ahamiyati haqida soʻz yuritildi.

    Shuningdek, ishtirokchilarga bugungi globallashuv jarayonida yoshlarda axborot xurujlariga qarshi mafkuraviy immunitetni kuchaytirishga boʻlgan doimiy ehtiyoj nuqtai-nazaridan kelib chiqib, ilm va maʼrifatning yuksak ahamiyati borasida hayotiy misollar asosida tushunchalar berildi.

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati,

Shavkat AKRAMOV olgan suratlar.