Munosabat

Telegramning https://t.me/Talimgaoid_perevod kanalida eʼlon qilingan “Samarqand davlat universiteti: viloyat hokimining gapi o‘tmay qolganmi yoki hammasi piarmi?” sarlavhali maʼlumot yuzasidan Samarqand davlat universiteti maʼmuriyati quyidagilarni maʼlum qiladi:
Jozibador sarlavhaga o‘ch odamlar aslida nimani ko‘zlashini bilasizmi? Mo‘may daromad “isini olgach”, obunachilari sonini oshirish ilinjida halovati yo‘qolgan kimsalarning bunday harakati zamirida qiynalgan odamlarga yordam berish yotibdi, deb o‘ylaysizmi?!
Adashasiz!
Qaniydi, mazlumlar himoyasiga otlangan shaxslar buni hech qanday taʼmasiz qilsa, bir qo‘li bilan jabrlanganlar boshini silab, ikkinchisi bilan (https://t.me/Perevod_reklama) reklama tushirishdan daromad qilishga ko‘z tikmasa!
Aslida bunday kimsalarga biror bir fuqaroning ishi bitishining ahamiyati ham yo‘q. Yagona maqsadi – obunachilari sonini oshirish orqali mo‘maygina daromad topish.
O‘zbekiston Respublikasining “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi va “Reklama to‘g‘risida”gi qonunlarini qo‘pol tarzda buzayotgan (respublika hududida ro‘yxatdan o‘tmasdan faoliyat yuritayotgan, tushirilgan reklama daromadidan soliq to‘lamaydigan) bunday kanal egalariga nisbatan keskin choralar qo‘llash vaqti yetib kelgan.
Vakolatli organlarga ko‘ra, yomg‘irdan keyingi qo‘ziqorindek ko‘payib borayotgan bunaqa “hojatbarorlar” haqiqatda mavjud muammoni hal etish yoki vaziyatni yumshatish haqidagi konstruktiv takliflar o‘rniga boshqalarning qimmatli vaqtini o‘g‘irlashga, korxona va tashkilot rahbarlarining ishchanlik obro‘siga putur yetkazishga qaratilgan maʼlumotlarni ijtimoiy tarmoqda eʼlon qilib, “ochko” yig‘ishga intilmoqda.
Kredit-modul tizimiga o‘tgan dunyoning aksariyat OTM kabi, SamDUda ham akademik qarzdor talaba mazkur fanlardan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 31 dekabrdagi 824-son qarori bilan tasdiqlangan «Oliy taʼlim muassasalarida o‘quv jarayoniga kredit-modul tizimini joriy etish tartibi to‘g‘risida»gi Nizomning 8-bob, 41-bandiga ko‘ra, taʼtil vaqtida yoki keyingi semestrlar mobaynida tashkil qilingan qo‘shimcha dars mashg‘ulotlari uchun ularga ajratilgan kreditlar miqdoriga mos ravishda to‘lovni amalga oshiradi.
Mazkur tartibni Samarqand davlat universiteti o‘ylab topmagan. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 20 iyundagi 393-son qarori bilan tasdiqlangan “Oliy taʼlim muassasalari talabalari o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlashtirish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomning 3-bobi, 25-bandida “O‘quv rejalardagi fanlari bo‘yicha farqlar aniqlanganda talaba akademik qarzdor sifatida o‘qishga qabul qilinadi”, deb belgilab qo‘yilgan. Nima, SamDU shu tuturiqsiz yozishmalardan cho‘chib, talabaning bahosini shunday qo‘yib bersinmi?! Balki, ijtimoiy tarmoqda shov-shuv ko‘tarar ekan deb, qolganlariga ham namunadagi diplomni berib yuborsak-chi?!
Yo‘q! Har qanday o‘zboshimchalikning chegarasi bor. Suvni loyqalatib ish bitirishga urinuvchi shaxslarga shuni eslatib qo‘ymoqchimiz: aniq va konkret muammo yuzasidan yuborilgan murojaat tegishli tartibda ko‘rib chiqilib, o‘z yechimini topadi. Qolgan vaziyatlar faqat o‘zingizga qarshi ishlashi mumkin.
Kredit-modul tizimining xorijiy davlatlarda ham o‘zini oqlagan eng muhim sharti – talabalarning bilim olishga bo‘lgan ishtiyoqini oshirish, yaxshi o‘qimaydigan talabalarni kursdan qoldirish “jazosi” evaziga tartibga chaqirishdir. Nega yaxshi yoki aʼlo o‘qiydigan talabaning yonida fanlarni o‘zlashtirmagan talaba ham kursdan kursga o‘tib ketaverishi kerak, degan o‘rinli savolga adolatli javobdir.
Talabalar va ularning murojaatini dastaklayotgan shaxslar bir narsani yaxshi tushunib olishlarini istardik: SamDU yuqoridagi qoidadan chekina olmaydi. Hukumat chiqargan ushbu Nizom talablarini bajarmaslik qoidabuzarlikka olib keladi. Talaba o‘quv rejasida belgilangan fanlarni belgilangan tartib asosida o‘zlashtirishi shart.
Sharof Rashidov nomidagi
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati