“Hayot kurashdan iborat. Bu kurashda faqat kuchli bilim va salohiyatga ega bo‘lganlargina g‘olib bo‘ladi...”

    Samarqand davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi Rustam Xolmurodov ishtirokida “Rektor va talabalar uchrashuvi” bo‘lib o‘tdi.     Uchrashuvda rektor biologiya, kimyo, tarix, filologiya, psixologiya va ijtimoiy-siyosiy fanlar fakultetlari talabalari bilan uchrashib, ochiq suhbat olib bordi.

    - Hayot kurashdan iborat. Bu kurashda faqat kuchli bilim va salohiyatga ega bo‘lganlargina g‘olib bo‘ladi, - deydi Samarqand davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi Rustam Xolmurodov, - Sizning ertangi kelajagingizni ilm-ma’rifat nuri yoritadi. Shunday ekan, baho yoki diplom uchun emas, oldingizda turgan porloq kelajak uchun o‘qing. Bugungi zamonda yaxshi yashash degan masala, eng avvalo, moddiyatga borib taqaladi. Bu ayni haqiqat. Jamiyatning intellektual salohiyati qanchalik boy bo‘lsa, u iqtisodiy jihatdan ham boy bo‘ladi. Universitet siz, yoshlarga yo‘l ko‘rsatuvchi yo‘lboshchi xolos. Siz hayotdagi o‘rningizni o‘z bilimingiz va mehnatingiz evaziga topasiz. Kelgusi hayotingiz sifati sizning bilimingiz bilan yuqori bo‘ladi.

    - O‘qishimiz boshlanganiga ham uch oy bo‘ldi. Shu vaqt mobaynida universitet hayoti bilan ma’lum miqdorda bo‘lsa ham tanishishga ulgurdim, - deydi filologiya fakulteti talabasi Hilola Xaydarova. - Rektor va yoshlar uchrashuvida universitetdagi imkoniyatlar, ayniqsa chet tilini o‘rganishning bugungi kundagi ahamiyati bo‘yicha yetarlicha ko‘nikmaga ega bo‘ldim. Aniqroq qilib aytsam, tadbirdan katta ruhiy qo‘llab-quvvatlash oldim. Ustoz hayotiy tajriba misollarini keltirganda ko‘z oldimda o‘zimning rejalarimni tuzdim. Yana bir karra Samarqand davlat universitetini tanlab, to‘g‘ri qaror qabul qilganimga amin bo‘ldim.

    - Rektor va talabalar uchrashuvi ko‘tarinki ruhda o‘tdi. Bu tadbirni kutmagan edim, - deydi SamDU tarix fakulteti talabasi Aziza Saidahmadova. - Hali yakuniy imtihonlarini topshirmaganligim sabab, bu haqda tushunchaga egamasman. Imtihonlarni har kim turlicha talqin qiladi. Uchrashuvda bunga oid savollarga aniqlik kiritildi. Bugungi tadbirda o‘quv jarayonlari bo‘yicha to‘liq ma’lumotga ega bo‘ldim. Imtihonlar adolatli va shaffof o‘tishiga ishonchim komil. Shuningdek, rektorning talabalar muammolari va kamchiliklarini eshitib, mas’ullarga kerakli topshiriq bergani hamda yoshlarga to‘g‘ri yo‘nalish ko‘rsatgani tahsinga sazovordir…

    Uchrashuv davomida talabalar universitet ichki tartib-qoidalari, o‘quv jarayonlari va yakuniy nazorat tizimi haqida o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.

Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati