Samarqand davlat universitetida “Suffa platosidagi xalqaro radio rasadxona: millimetrli va submillimetrli astronomiya istiqbollari” mavzusida O‘zbekiston-Rossiya II ilmiy seminari o‘tkazildi.

    Seminarda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi prezidenti Behzod Yo‘ldoshev, O‘zR FA olimlari, Rossiya Fanlar akademiyasi vakillari hamda Samarqand davlat universiteti ilmiy jamoatchiligi ishtirok etdi.

    Seminarda so‘zga chiqqanlar  Suffa platosida joylashgan radio rasadxonaning bugungi holati, uning keyinga faoliyatini takomillashtirishda mavjud muammolarni tahlil qilish, mazkur xalqaro ilmiy ob’yektda olib borilayotgan tadqiqot va izlanishlarni rivojlantirish, bu borada mavjud imkoniyatlarni birlashtirish kabi masalalarda ma’ruzalar qildilar. Shuningdek, astrofizika va radioastronomiya bo‘yicha fundamental tadqiqotlar sohasida ikki tomonlama xalqaro hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha bir qator amaliy takliflar ilgari surildi.

    -Bugungi kunda ilm-fanni zamonaviy texnologiyalarsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi, - deydi Moskva davlat universiteti qoshidagi Astronomiya instituti professori Konstantin Postnov, - Astronomiyada, xususan, radioastronomiyada axborot texnologiyalari juda muhim rol o‘ynaydi, chunki zamonaviy asboblar qayta ishlanishi kerak bo‘lgan juda katta hajmdagi va yuqori aniqlikdagi ma’lumotlarni ishlab chiqaradi. Suffa radioobservatoriyasi radioastronomiyani rivojlantirishda katta imkoniyatlarga ega. Observatoriyada olib borilayotgan ilmiy kuzatish va tekshirishlar orqali nafaqat O‘zbekiston va Rossiya, balki jahon astronomiyasi uchun zarur bo‘lgan noyob ilmiy natijalarga erishilmoqda.

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati.

Shavkat Akramov olgan suratlar.