Samarqand viloyati hokimligi sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Davronbek Jumaniyazovning Samarqand ahliga MUROJAATI
![](https://www.samdu.uz/upload/cover-images/63bd3d4194933-63bd3d4194936-63bd3d4194937-63bd3d4194938.jpg)
Gidrometeorologiya xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning 10-15 yanvar kunlari mamlakatimizga sovuq havo kirib kelishi natijadasida anomal sovuq kuzatilishi kutilmoqda. Bunda havo harorati kechalari -12-17 daraja, shimolda tunda -17-22 daraja, Ustyurt va cho‘l hududlarining ba’zi joylarida esa -25-27 daraja sovuq bo‘lishi mumkin.
Shu bois, o‘z salomatligingizni asrashingiz uchun sovuq havoda qolganda va anomal haroratning zararli oqibatlaridan asranishda quyidagi tavsiyalarga amal qilishingizni so‘raymiz.
-Anomal sovuq kunlari zarurat bo‘lmaganda tashqariga chiqamaslik, ochiq havoda kamroq bo‘lish, ayniqsa, bolalar va keksalarning ko‘chaga chiqmasligi tavsiya etiladi;
-Agar siz sovuqda qolsangiz tinmay harakat qiling. Bir joyda turish, suyanish yoki sovuq joyga o‘tirish mumkin emas;
-Sovuq qotishning oldini olish uchun ko‘chaga chiqqanda issiq va qalin kiyimlar kiyish lozim. Bunda, qo‘lqop va jun paypoqlardan foydalanish juda muhim;
-Bosh va yirik qon tomirlari joylashgan bo‘yin qismini issiq tutish lozimligini unutmang;
-Sovuqdan uyga kirgan zahoti issiq dush qabul qilmang. Avval, oz-ozdan issiq choy ichish tavsiya etiladi;
- Anomal sovuqda alkogol va tamaki iste’mol qilishdan voz kechgan ma’qul. Boisi, bu zararli odatlar qon tomirlarini keskin toraytirib, qo‘l va oyoqning qisqa muddatda muzlashiga sabab bo‘lishi mumkin;
-Qattiq sovuq havo inson terisini haddan ortiq quritib yuboradi. Shu bois ko‘chaga chiqishdan oldin teriga tarkibida suv bo‘lgan dori vositalarini emas, balki, yog‘li kremlarni surtish tavsiya etiladi;
-Sovuq kunlari ertalab nonushta qilish shart. Chunki, och qolish tananing tez muzlashi va immunitet zaiflashishiga sabab bo‘ladi;
-Iste’mol qilinadigan taomlar kaloriyasi issiq kunlarga nisbatan 25-30 foizga oshirilishi maqsadga muvofiq. Bunda, issiq va suyuq ovqatlar juda foydali xisoblanadi.
Sovuq urishini
-Terining ziyon yetgan qismida qizarish, keyinchalik terining oqarishi yoki ko‘karishi;
-teri sezuvchanligini yo‘qolishi;
-terida qichish paydo bo‘lishi va qizishi;
-tananing sovuq ta’sir qilgan qismida suyuqlikka ega pufakchalar paydo bo‘lishi kabi alomatlar kuzatilishi orqali ham bilish mumkin.
Bu kabi holatlar kuzatilganda darhol shifokor bilan bog‘lanib ularning kerakli maslahatini oling.
Hurmatli yurtdoshlar!
Unutmang, anomal sovuq kunlari ochiq havoda kamroq bo‘lish, ayniqsa, bolalar va keksalarni sovuqdan himoyalash o‘zingiz va yaqinlaringiz sog‘ligini asrashda muhim rol tutadi!
Sovuq iqlim sharoitida o‘zingizni ehtiyot qiling!
Samarqand viloyati hokimligi
Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i
Davronbek Jumaniyazovning facebook sahifasidan olindi