“Oila ma’naviy muhitini mustahkamlashda rashkning o‘rni”

Samarqand davlat universiteti psixologiya kafedrasi o‘qituvchisi Sitora Ummatovaning “Rashk fenomenining oila munosabatlaridagi gender va yosh farqlari” mavzusidagi psixologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi “Mahalla va oila” ilmiy tadqiqot institutining 2022-2023-yillar davomida xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasi tomonidan ajratilgan mablag‘lar hisobidan amalga oshiriladigan “Oila ma’naviy muhitini mustahkamlashda rashkning o‘rni” nomli ilmiy loyihaga tavsiya etildi. Loyihaga ko‘ra Sitora Ummatovaning mazkur tadqiqoti 10 ming nusxada chop etiladi hamda respublika bo‘yicha mahallalarga tarqatilib, muammoli oilalarda ma’naviy muhitni yaxshilash ishlarida foydalaniladi.
– Rashk – bu o’z ta’sirini yo’qotishdan qo’rqish demakdir, u xuddi qo’rqoqlikka o’xshaydi. Odatda rashk hissi muhabbat tushunchasi bilan bog’liq tarzda talqin qilinadi, - deydi loyiha rahbari, psixologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori Sitora Ummatova, - Bu ikki tuyg‘u o’rtasidagi bog’liqlikni odamning egalik qilish istagi bo’lgan obyektiga nisbatan shubhali munosabati, uning muayyan xatti-harakati to’g’risida shubhasi natijasida kelib chiqadi. PhD dissertatsiyam uchun mazkur mavzuni olganimdan keyin oilalarda rashkning o‘rni va xususiyatlarini aniqlash bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazishni boshladim. O’zbek oilalarida rashkning o’rni, er-xotin munosabatlarining oila mustahkamligiga ta’siri sifatida oilada sog’lom muhit omillari, ota-ona va farzandlar o’rtasidagi munosabatlarning ijtimoiy-psixologik xususiyatlarini tadqiqotlar asosida o‘rganib, rashk fenomeni haqidagi mahallalarda oilalar mustahkamligi va barqarorligini ta’minlashda foydalanish mumkin bo‘lgan ilmiy tasavvurlarni ishlab chiqishga harakat qildim.
Rashk oilaviy munosabatlar bilan bog’liq bo’lgan hodisalardan biri bo‘lib, oila munosabatlarida rashk ta’sirining namoyon bo’lishiga oid statistik ma’lumotlarni kuzatsak, oiladagi shaxslararo munosabatlar, turli qiyinchiliklar, maishiy muammolar bilan birga er-xotin o’rtasidagi ishonchsizlik rashkni yuzaga keltirayotganiga guvoh bo‘lamiz.
Rashk, o’ziga xos tashvish shakli deb tasniflangan har qanday hissiy holat singari, yaqin kishining mehriga ishonch yetishmasligidan kelib chiqadi. Rashkni izohlashda uning uchinchi shaxsga, raqobatchiga qaratilgani va turli muammoli holatlarni keltirib chiqarayotgani bilan bog‘liq yondashuv ham mavjud. Rashk hissi, eng avvalo, inson uchun rad etilish qo’rquvidir. U o’zini baholashda, yaqin munosabatlarda ishonchli-ishonchsiz, shubhali munosabatlarda namoyon bo’ladi.
O’tgan asrlarda, ayol jamiyat va oilaning teng huquqli a’zosi sifatida e’tirof etilganidan keyin hatto rashk tuyg’usiga nisbatan “Rashk - o’tmish qoldig’i” degan qarashlar paydo bo’ldi. Shunga qaramay, rashk ijtimoiy hayotda erkaklar va ayollar, bolalar va o’spirinlar orasida ko’proq uchraydi va uning o’ta jiddiy oqibatlari hanuzgacha kuzatilmoqda.
Tadqiqot natijalarin kuzatib, shunga amin bo‘ldimki, rashk faqat er-xotin o‘rtasida emas, balki ota-onalarning farzandlariga nisbatan tanlovchanlik munosabati, birini ikkinchisini oldida maqtashi, afzalligini ko’rsatishi natijasida farzandlar o‘rtasida ham, eng yaqin do’stlar o’rtasida ham bo‘lishi mumkin. Rashk ijtimoiy munosabatlarning har qanday turiga ta’sir ko’rsatadi: turmush o’rtoqlar orasida munosabatlarning yomonlashuvi va hatto oilalarning buzilishiga ham olib keladi…
So‘nggi vaqtlarda O‘zbekistonda oilalar ajrimi kundan-kunga ko‘payib bormoqda. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2022-yil ajrimlar soni o‘tgan yil bilan taqqoslanganda 24 foizga oshgani ko‘rinadi. 2021-yilda O‘zbekistonda qariyb 39,3 ming oila nikohdan rasman ajrashgangan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2022-yilda 48,8 mingni tashkil qilgan. Bu esa 2022-yil uchun har ming nafar aholiga to‘g‘ri keladigan nikohdan ajralishlar soni – 1,4 promillega to‘g‘ri kelishini anglatadi. Mazkur raqamlarning o‘ziyoq, bugungi kunda oilalarda ma’naviy muhitni yaxshilashga e’tiborni kuchaytirish muhim ekanligini ko‘rsatadi.
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati.
Shavkat Akramov olgan suratlar.