Amaliy ishlar davri: Samarqand davlat universiteti va Yaponiyaning Tsukuba universiteti hamkorligi
Samarqand davlat universitetiga Tsukuba universiteti rektori, Yaponiyaning davlat universitetlari rektorlar kengashining prezidenti Kyosuke Nagata boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi. Martabali mehmonlar bilan Samarqand davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, Oliy Majlis Senati a’zosi Rustam Xolmurodov uchrashuv o‘tkazdi.
Yig‘ilishda Senat raisi birinchi o‘rinbosari, senator Sodiq Safoyev, Samarqand viloyat hokimi o‘rinbosari Xurshid Ochilov, “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti birinchi prorektori, professor Jo‘liboy Eltazarov, SamDCHTI rektori Ilhomjon To‘xtasinov, hamda Tsukuba universitetining Gumanitar va ijtimoiy fanlar instituti professori Timur Dadabayevlar ham ishtirok etdi.
Uchrashuvda xalqaro hamkorlik, ta’lim, fan, madaniyat va ijtimoiy-siyosiy masalalar haqida so‘z yuritildi.
Shuningdek, hamkorlikda suvni tejash, yaylov, ekologiya, tuproq sho‘rlanishi oldini olish, qayta tiklanuvchi eneregiya manbalaridan foydalanish hamda sharq qo‘lyozmalar fondini tatbiq etish masalalari muhokama qilindi va kelajakdagi istiqbolli rejalar belgilab olindi.
- 2022 yil sentyabr oyida «Yaponiya-O‘zbekiston» rektorlar forumi o‘tkazildi. Anjumanda Samarqand davlat universiteti vakili bilan uchrashib SamDUga katta qiziqish bildirgan edim, - deydi delegatsiya rahbari Kyosuke Nagata. – Bugun Samarqandga keldim va SamDU ko‘proq ma’lumotga ega bo‘ldim. Samarqand davlat universiteti va Sukuba universiteti tuzilmasi, tarixiyligi nuqtai nazardan bir-biriga juda o‘xshash ekan. Ikkalasi ham o‘z mamlakatidagi klassik va ilmiy salohiyati yuqori o‘rinda turadigan oliy o‘quv yurti. Ayniqsa SamDUda xalqaro markazlarning ko‘pligi uning dunyo reytingida kun-sayin yuqorilab borayotganligidan dalolatdir. Bu yerda Yaponiya ta’limi va madaniyati markazining borligi meni juda quvontirdi… Tashrifdan asosiy maqsad xalqaro hamkorlik masalalarini yanada rivojlantirish, tomonlar o‘rtasida tajriba almashish, ilm-fanning dolzarb masalalarini muhokama qilishdan iborat.