Samarqand davlat universiteti olimlari Xitoyning Shinjon qishloq xo’jalik fanlar akademiyasi bilan hamkorlikda 3 yilga mo’ljallangan xalqaro loyihani qo’lga kiritdi. Ushbu loyiha doirasidagi vazifalarni muhokama qilish maqsadida SamDU Ilmiy tadqiqotlar va innovatsion rivojlantirish boshqarmasi boshligʻi, professor Hakim Xushvaqtov boshchiligidagi delegatsiya Urumchi shahrida bo’lib turibdi.

    2024-yil davomida SamDU professor-o’qituvchilarining Xitoy Xalq Respublikasi Shinjon qishloq xo’jalik fanlar akademiyasi bilan olib borgan hamkorlik ishlari natijasida “Xitoyning serhosil va stressga chidamli g’o’za va bug’doy navlarini Samarqand tuproq-iqlim sharoitida sinash va yetishtirish agrotexnologiyasini ishlab chiqish” nomli ilmiy-amaliy loyiha qo’lga kiritildi.

    Mazkur loyiha doirasida Samarqand viloyatida 20 gektar maydonda Xitoyning serhosil va turli kasallik va zararkunandalarga hamda tuproq sho’rlanishiga chidamli navlarini Xitoy va O’zbekiston agrotexnikasi asosida sinab ko’rish va eng maqbul yetishtirish usullarini amaliyotga joriy etish maqsad qilingan. Loyihada Samarqand davlat universitetining 15 nafar yosh olim va tadqiqotchilari g’o’za va bug’doy seleksiyasi hamda urug’chiligi bo’yicha Shinjon qishloq xo’jalik fanlar akademiyasida malaka oshirish imkoniyatiga ega bo’ladilar. Safar davomida Agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi instituti direktori Toshpo’lot Rajabov, professor Ibrohim Jabborov hamda dotsent Jasurbek Abdumalikovlar joriy yilda g’o’za va bug’doy navlarini Samarqand sharoitida sinab ko’rish bo’yicha amalga oshiriladigan ilmiy-tadqiqotlar rejasini xitoylik olimlar bilan birgalikda ishlab chiqdi.  

    Tashrif davomida SamDUda “G’o’za va bug’doy seleksiyasi va urug’chiligi ilmiy markazi” ni tashkil etish loyihasi ustida ham ishlar olib borildi va markaz faoliyati uchun zarur bo’lgan zamonaviy laboratoriyaning asosnomasi tayyorlandi. Ilmiy markaz tashkil etish negizida genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi, g‘o‘za va bug’doyning genofondini yaratish, molekulyar seleksiya, genom texnologiyalari hamda an’anaviy seleksiya usullaridan foydalanib hududning tuproq-iqlim sharoitiga mos keladigan hosildor, qurg‘oqchilikka va kasalliklarga bardoshli tizma darajasidagi namunalarni tanlab olish, ushbu navlar ustida ilmiy-tadqiqotlar olib borib, eng yaxshi natijalarni ishlab chiqarishga joriy etish rejalashtirilmoqda.

    Safar davomida SamDU delgatsiyasi Shinjon qishloq xo’jalik fanlar akademiyasi tarkibidagi Oziq-ovqat ekinlari instituti, Kartoshka navlarini yaratish va yetishtirish texnologiyalari instituti, Iqtisodiy ekinlar instituti, Bog’dorchilik va o’rmonchilik instituti, Qishloq xo’jaligi mexanizatsiyasi instituti va undagi ilmiy laboratoriyalarida bo’lishdi. Fan va texnologiyalar, aqlli qishloq xo’jaligi sohalarida erishilgan yutuqlar va olib borilayotgan tadqiqot ishlari bilan yaqindan tanishdi. Shu bilan birgalikda, Shinjon qishloq xo’jalik fanlar akademiyasi bilan hamkorlik qilayotgan yirik agroklasterlar va kompaniyalarni ko’zdan kechirib, ta’lim, ilm-fan va ishlab chiqarish o’rtasida yo’lga qo’yilgan mustahkam integratsiya yutuqlarini o’rganishdi.

    Safar davomida orttirilgan bilim va ko’nikmalar SamDU da Xitoy tajribasi asosida ilmga asoslangan va amaliyotga yo’naltirilgan ta’lim tizimi va ilmiy-tadqiqot ishlarini rivojlanitirishga tatbiq etiladi.

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati.