Samarqand davlat universiteti Italiyaning Tushia universiteti bilan talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yadi…
Samarqand davlat universitetiga Italiyaning Tushia universiteti rektori, professor Stefano Ubertini boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi.
Martabali mehmonlar dastlab SamDU arxeologiya, zoologiya muzeylari yangidan tashkil etilgan Biokimyo instituti bilan tanishgandan so‘ng Samarqand davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, Oliy Majlis Senati aʼzosi Rustam Xolmurodov bilan uchrashdi.
Muloqotda xalqaro hamkorlik masalalari muhokama etildi. Tomonlar o‘rtasida uzumchilik va g‘allaning yangi navlarini yaratish bo‘yicha ilmiy laboratoriya hamda qo‘shma magistratura yo‘nalishlarini tashkil etishga kelishildi. Arxeologiya, landshaft dizayni, energetika sohalarida hamkorlik qilish bo‘yicha fikr almashildi.
Shuningdek, oziq-ovqat ilmlari, “Erasmus+” dasturi bo‘yicha qo‘shma loyihalar ishlash, talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yishga alohida eʼtibor qaratildi. Italiyalik talabalar Samarqand davlat universitetiga arxeologiya yo‘nalishida tajriba almashishga kelishi uchun shartnomalar imzolanadigan bo‘ldi.
- Samarqandga ilk bor kelishim. Samarqand davlat universitetining faoliyatini ko‘rib quvondim, - deydi delegatsiya rahbari Stefano Ubertini. – Bir qator ilmiy laboratoriyalar va hashamatli binolarning qad rostlagani Samarqand davlat universiteting ilmiy salohiyati va yuqori nufuzga egaligidan dalolatdir. Biokimyo institutidagi oranjeraya, arxeologiya va zoologiya muzeylaridagi noyob eksponatlarning mavjudligi meni hayratga soldi… Yevropaning eng yirik yettita ilmiy tadqiqot institutlaridan biri Tushia universitetida joylashgan. Asosan, qishloq va o‘rmon xo‘jaligi, oziq-ovqat, biotexnologiyalar, arxitektura, chiqindilarni qayta ishlash, tarix, inson huquqlarini himoya qilish yo‘nalishlari bo‘yicha katta tajribaga ega… Samarqand davlat universiteti bilan hamkorligimiz manfaatli bo‘lishiga ishonaman.
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati,
Shavkat AKRAMOV olgan suratlar.