Samarqand davlat universitetining 14 nafar talabasi Davlat va Prezident stipendiyalari sovrindori bo‘ldi…
Bir kishi Prezident stipendiyasi, 10 talaba Navoiy, 1 talaba Islom Karimov va 2 talaba Ulug'bek nomli davlat stipendiyalariga sazovor bo’ldi.
Saidmuhammad Ibodullayev, SamDU yuridik fakulteti talabasi, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti stipendiyasi sohibi:
- O’tgan o’quv yilida Navoiy nomli davlat stipendiyasi sohibi bo’ldim. 2022-yil “Yil talabasi” respublika ko’rik tanlovida faxrli ikkinchi o’rinni egalladim. “Eng yaxshi saylov jarayoni bilimdoni” respublika ko’rik tanlovi g’olibiman. Ayni paytgacha ilmiy tadqiqot natijasida 27 ta maqolam xalqaro jurnal va konferensiya to‘plamlarida nashr etilgan. Chet tilini bilish darajasi bo’yicha xalqaro IELTS 7.0 (C1) sertifikatini qo’lga kiritdim. Ingliz tilida erkin muloqot qila olaman. Erishgan natijalarim sabab, Prezident stipendiyasi sohibi bo‘ldim. Bunda domlalarim ko‘rsatgan yo‘l va bergan maslahatlarining o‘rni beqiyos. Ayniqsa, ilmiy rahbarim maxsus huquqiy fanlar kafedrasi mudiri, dotsent Davlat Qurbonovdan minnatdorman. Bu men uchun unutilmas kunga aylandi…
Ozoda Abdullayeva, SamDU filologiya fakulteti talabasi, Navoiy nomli davlat stipendiyasi sohibi:
- 2021-yil Prezident granti asosida Samarqand davlat universiteti filologiya fakultetiga qabul qilindim. Men oltin davrimning oltin kunlarini o‘tkazmoqdaman. SamDU o’zbek tilshunosligi kafedrasi mudiri, dotsent Shavkat Mahmadiyev ilmiy rahbarligida “O’tkir Hoshimovning til birliklaridan foydalanasih mahorati” mavzusida izlanishlar olib boryapman. O’ndan ortiq maqolalarim xalqaro va respublika jurnallarida e’lon qilindi. Umumta'lim fanini bilish darajasi to'g'risidagi sertifikatga egaman. Har yili muvaffaqiyatga erishayotgan talabalarni, stipendiantlarni ko’rib havas qilardim. Bugun men ham stipendiant bo’ldim. Konstitutiya kuni oldidan oila a’zolarim va yaqinlarimga munosib sovg’a bo’ldi. Bizga yaratib berilayotgan imkoniyatlar uchun Prezident Shavkat Mirziyoyevdan minnatdorman.
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati.