Samarqand davlat universitetida yaylovlarni tiklashga qaratilgan zamonaviy tadqiqotlar boshlandi…
Vengriyaning Botanika va ekologiya instituti hamda Seged universitetining bir guruh olimlari SamDU ga tashrif buyurgan edi. Safar davomida ikki davlat olimlari tomonidan zamonaviy tadqiqotlarga start berildi. Inqirozga uchragan yaylovlarni tiklashga qaratilgan yangicha uslub va yondashuvdagi tadqiqotlarni amalga oshirish boshlandi.
Bunda yaylovlarning o‘zini o‘zi qayta tiklash imkoniyatlarini aniqlash maqsadida tuproq urug‘ zahirasi va ularning unuvchanligi ustida ilk tadqiqotlar olib borildi. Dala tadqiqotlari Navoiy viloyati hududidagi Qizilqum cho‘li qumli yaylovlarida bir hafta davomida amalga oshirildi va qimmatli ilmiy materiallar va maʼlumotlar to‘plandi.
Ushbu tadqiqotlarga Vengriya tomonidan Botanika va ekologiya instituti Ekologik tadqiqotlar markazi rahbari Orsolya Valko va SamDU tomonidan Agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi instituti direktori Toshpo‘lot Rajabovlar rahbarlik qilmoqda. Shuningdek, mazkur dala ekspeditsiyasida Botanika va ekologiya instituti professori Balazs Deak, katta ilmiy xodimlar Andras Kelemen, Reka Kiss, va kichik ilmiy xodim Katalin Lukacs hamda Seged universiteti professorlari Csaba To’lgyesi va Zoltan Bator, SamDU tadqiqotchisi va Seged universitetining doktoranti Abdubakir Qo‘shboqovlar ishtirok etdi.
Eslatib o‘tamiz, mazkur tadqiqotlar hozirda Seged universitetida doktoranturada tahsil olayotgan SamDU tadqiqotchisi Abdubakir Qo‘shboqovning dissertatsiya ishi doirasida amalga oshirilmoqda. Mazkur tadqiqotlar keyingi 3 yil mobaynida davom ettiriladi. Maʼlumot uchun, Seged universiteti reytingi bo‘yicha Vengriyada 2-o‘rinni va dunyoda 587-o‘rinni egallaydi.
Alоhida taʼkidlash joizki, O‘zbekiston yaylovlarining tuproq tarkibidagi urug‘ zahirasini o‘rganishga qaratilgan tadqiqotlar ilgari amalga oshirilmagan. Bugungi kunda mamlakatimizda inqirozga uchragan yaylovlar katta maydonlarni egallaganligini inobatga olsak, ushbu tadqiqot natijalari yaylovlarni qayta tiklashning samarali va barqaror usullarini ishlab chiqishda katta imkoniyat yaratadi.
Shuningdek, vengriyalik olimlar bilan hamkorlikda nufuzli xalqaro jurnallarda ilmiy maqolalar chop etiladi.
Qizilqum cho‘li yaylovlaridan to‘plangan dala materiallari asosida tuproq tarkibidagi urug‘larni ajratib olish va ularning unuvchanligini aniqlash bo‘yicha Agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi instituti iqtidorli talabalari uchun laboratoriya sharoitida mahorat darslari o‘tkazildi. Talabalar tomonidan tadqiqotlarni amalga oshirish va unda ishtirok etishga katta qiziqish bildirildi.
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati.