Akademik Botirxon Valixo‘jayevning 3 jilddan iborat  «Tanlangan asarlar» kitobi nashr etildi. Mashhur Navoiyshunos olim 1953-2005-yillarda Samarqand davlat universiteti filologiya fakultetida ishlagan.

    Kitobning 1-jildida olimning «Mumtoz siymolar» turkumida yaratgan bir qator tadqiqot-asarlari jamlangan. Jumladan, «Husayniy sheʼriyati» nomli asarida Xuroson hukmdori (1469-1506), temuriyzoda Sulton Husayn Boyqaroning nafaqat ilm-fan va madaniyatning ulkan homiysi, balki xassos shoir, teran mushohadali adabiyotshunos ham ekani borasida so‘z yuritilsa, muallifning «Malik ul-kalom – Mavlono Lutfiy» asari turkiy adabiyotning Alisher Navoiygacha bo‘lgan eng yirik vakili, benazir shoir Mavlono Lutfiy hayoti va ijodiy faoliyatiga bag‘ishlangandir.

    Maʼlumki, naqshbandiyaning ulkan namoyandasi Hoja Ahror Valiy shaxsiyati uzoq yillar, aniqrog‘i, sho‘ro mafkurasi hukm surgan davrda ilm-maʼrifatning ashaddiy dushmani sifatida qoralanib kelindi. Albatta, bunday munosabat mazkur avliyo zotga nisbatan juda katta nohaqlik edi. Botirxon Valixo‘jayevning to‘plamdan o‘rin olgan «Buyuk maʼnaviy murshid» risolasi ana shu nohaqlik, noxolis munosabat ildizlarini ochib tashlagan, ilmiy dalillar bilan fosh qilgan dastlabki mukammal tadqiqot-asar sifatida dunyoga kelgan edi.

    «Tanlangan asarlar»ning 2-jildida «Mumtoz siymolar» turkumida yaratgan Nizomiddin Mir Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Boburga bag‘ishlangan tadqiqot asarlari o‘rin olgan. Mazkur asarlarda turkiy-o‘zbek sheʼriyati zabardast namoyondalarining xalqimiz madaniyati va maʼnaviyati shakllanishidagi buyuk xizmatlari, ularning ibratli hayoti, betakror ijodiy merosi hamda sermazmun ijtimoiy faoliyatidagi yorqin nuqtalarga tayanilgan holda teran tahliliy xulosalar orqali ochib beriladi.

    «Tanlangan asarlar»ning 3-jildidan olimning «O‘zbek epik poeziyasi tarixidan» hamda «O‘zbek adabiyotshunosligi tarixi» nomli ikkita muhim va salmoqli tadqiqot-asari o‘rin olgan. Asarlarning birida o‘zbek epik poeziyasining kelib chiqish va rivojlanish manbalari, uning turkiy, fors-tojik, hind, arab xalqlari yozma adabiyoti hamda xalq og‘zaki ijodi bilan munosabati, taraqqiyot bosqichlari va shu jarayondagi g‘oyaviy kurash kabi masalalar borasida so‘z yuritilsa, ikkinchisida o‘zbek adabiyotshunosligi tarixi ishonchli manbaʼlar, ilmiy dalillar asosida yoritib beriladi.

    Manba