Samarqand shahri kunida samarqandim.uz veb-saytiga asos solindi…
18-oktyabr – Samarqand shahri kuni. Mazkur sana munosabati bilan Samarqand davlat universitetida “O‘tmishi sharafli, buguni saodatli, kelajagi nurafshon abadiy shahar” mavzusida anjuman bo‘lib o‘tdi.
Bayram tantanalarida Samarqand davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi Rustam Xolmurodov, Samarqand shahar hokimi Fazliddin Umarov, filologiya fanlari doktori professor Jo‘liboy Eltazarovlar Samarqandimizning buguni, ertasi haqida maʼruza qilishdi.
Anjumanda Samarqand viloyati hokimining o‘rinbosarlari Husan To‘xtayev, Rustam Qobilov, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbir “Suratlardagi Samarqand” fotoko‘rgazmasining ochilishi bilan boshlandi. Ko‘rgazmaning ramziy lentasi qirqildi.
Ushbu ko‘rgazmada 50 dan ortiq fotosuratlar jamlangan bo‘lib, bir surat tarixga sayohat bo‘lsa, ikkinchi surat bugungi Samarqandimiz haqida hikoya qiladi. Uchinchi surat Samarqandning labzi halol, qalbi daryo, mardu maydon farzandlari hayotidan hikoyadir...
Mamlakatimiz mustaqilligining 33 yilligi bayrami arafasida “Samarqandim” jurnali chop etilib, Samarqandliklarga taqdim etilgandi. Samarqand shahri kuni munosabati bilan mazkur loyihaning davomi sifatida samarqandim.uz veb-saytiga asos solindi. Mazkur sayt o‘zbek, xitoy, ingliz tillarida faoliyat yuritadi.
“Samarqandim” jurnali va samarqandim.uz veb-saytidan ko‘zlangan maqsad Samarqandimiz tarixini chuqurroq o‘rganish hamda o‘zgalarga o‘rgatishdir. Tadbir doirasida samarqandim.uz veb-saytining ochilish marosimi ham bo‘lib o‘tdi.
Rustam Xolmurodov, Samarqand davlat universiteti rektori:
- Men Samarqand farzandi sifatida bu muqaddas tuproqdan qarzdorlik hissi bilan yashayman. Samarqand nomi, Samarqand shoni, Samarqandning buyuk o‘tmishi millatimizni dunyo oldidagi o‘rnini, obro‘-eʼtiborini belgilaydigan omillardan biridir. Samarqand davlat universiteti tomonidan katta loyihaga qo‘l urildi. Dastlab, “Samarqandim” ijtimoiy-siyosiy, ilmiy-maʼrifiy, tarixiy, ommabop jurnaliga asos solindi. Dunyoning eng qadimiy shaharlarining o‘z jurnallari bor. Masalan Rim, Istanbul kabi. Mana shu bo‘shliqni to‘ldirish maqsadida “Samarqandim” jurnali dunyo yuzini ko‘rdi. Mening nazarimda ona Samarqandimiz bunday eʼtirofga loyiq.
Bugun mazkur loyihaning davomi sifatida samarqandim.uz veb-saytini ishga tushirishday tarixiy voqeaga guvoh bo‘lib turibmiz. Alohida taʼkidlashni istardimki, samarqandim.uz bugungi kunda uch tilda: o‘zbek, xitoy, ingliz tillarida faoliyat yuritadi. Bu faqat boshlanishi. Loyihani davom ettirib, 2025 yildan samarqandim.uz veb-saytiga yana kamida ikki tilda maʼlumotlar joylashtiriladi.
“Samarqandim” jurnali, samarqandim.uz veb-sayti yaratilishidan ko‘zlangan maqsad Samarqandimiz tarixini o‘zimiz ham chuqurroq o‘rganish, o‘zgalarga ham o‘rgatishdir. Samarqandimizning dunyo oldida namoyish qilish, jahon xalqlarini Samarqandimizga chorlashdir. Bugun biz istaymizmi yo‘qmi, internet zamonida yashayapmiz. Shu bois “Samarqandim” jurnalining o‘zbek va ingliz tillarida chop etililayotgan bosma nashri bilan chegaralanmasdan samarqandim.uz veb-saytiga ham asos solindi. Loyihalarimizni doimiy ravishda qo‘llab-quvvatlab kelayotgani uchun Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Oqbo‘tayevich Turdimovga samimiy minnatdorligimni bildiraman. Samarqandim. uz barchamizga muborak bo‘lsin!
Tadbir yakunida Samarqand davlat universitetida faoliyat ko‘rsatayotgan va tahsil olayotgan Turkiya, Qozog‘iston, Ozarbayjon, Qirg‘iziston, Rossiya, Hindiston, Xitoy, Germaniya, Koreya, Yaponiyalik professor-o‘qituvchi va talabalar bayram bilan barchani tabrikladi.
Emrah Yilmaz, Turkologiya ilmiy tadqiqot instituti dotsenti:
- Samarqand sanʼat tarixi jihatidan o‘ziga xos shahar. Registon, Shohi Zinda, Amir Temur maqbarasi, Bibixonim kabi madaniy boyliklar bunga to‘la asos bo‘ladi. Dunyoga mashhur Toj Mahal o‘zining ilhomini muhtasham Amir Temur maqbarasidan olgan. U olijanob ruh egasi va nazarimda yer yuzining oltin tojli malikasi... Samarqand mehr bulog‘i, go‘zallik yodgorligi... Samarqand Ipak yo‘li savdo markazida bo‘lgani uchun boy madaniy havzaga ega va butun dunyo uchun haqiqiy sayyohlik markaziga aylangan. Siyob bozori ko‘plab sayyohlik shaharlarida uchramaydigan xususiyatga ega. U mahalliy aholi tomonidan ishlab chiqarilgan oziq-ovqat mahsulotlarini ham taʼtib ko‘rish, ham xarid qilish imkoniyatini beradi. Moviy gumbazlar bilan qoplangan madrasalari, koshinlar bilan bezatilgan karvonsaroylari, muhtasham masjidlari, ijtimoiy majmualari bilan Samarqand ochiq osmon ostidagi muzeyni eslatadi. Turkiyada bu go‘zal ranglarni tasvirlash uchun “Samarqand moviysi” yoki “Samarqand feruzasi” kabi iboralar qo‘llaniladi. Xullas go‘zal mozaik bezaklar, zarhal geometrik naqshlar, deraza tokchalarigacha bezatilgan devorlar... Samarqand o‘z mehmonlarini bir soniya bo‘lsa ham ko‘z uzmay, tomosha qilishga chorlaydi. Samarqand g‘arb sayyohlari tomonidan manbalarda “Dunyo ko‘zgusi”, “Ruh bog‘i”, “Sharq gavhari”, “Islom gumbazi” sifatida tasvirlangan. Samarqand shahri kuni barchaga muborak bo‘lsin.
Eva Ortmann, Gettingen universiteti eronshunoslik instituti direktori, professor:
- Tarixchi bo‘lganligim bois ko‘p shaharlarda bo‘lganman. Qadimiy shaharlar tarixini o‘rganganman. Har bir davrda Samarqand svilizatsiya va madaniyat markazi bo‘lib kelgan. Men uchun Samarqandda bo‘lish sharaf, bundan faxrlanaman. Samarqandga ko‘p marta kelganman. Bugun menga Samarqand shahri kunini nishonlash nasib qildi, xursandman. Menga biror bir shaharda yashash imkoniyati berilsa, Samarqandni tanlardim. Barcha samarqandliklarni qutlug‘ kun bilan tabriklayman.
samarqandim.uz saytidan olindi
Shavkat AKRAMOV olgan suratlar.