AGRESSIYA
Shaxsga doir individual taraqqiyot samarasini hamda shaxslararo munosabatlarni belgilovchi xulq-atvor va xatti-harakatlarning eng muhim xususiyatlaridan biri agressivlikdir. Agressiya – bu odamlar, odamlar guruhiga nisbatan jismoniy va ruhiy zarar yetkazishga qaratilgan individual yoki jamoaviy xatti-harakatlar majmui hisoblanadi. Bugun insoniyat tarixi ishonchli tarzda shuni isbotlamoqdaki, agressiya shaxs va jamiyat hayotining ajralmas qismiga aylanib bormoqda. Bundan tashqari, agressiya ulkan tortishish kuchi va yuqumlilik xususiyatiga ega – ko‘pchilik o‘zining agressiv ekanini inkor etadi, ammo o‘zining kundalik hayotida esa, uni keng namoyish qiladi. Aynan agressiv xulq-atvor shaxslararo nizolarning vujudga kelishiga va ularni hal etishning asossiz yo‘llari paydo bo‘lishiga olib keladi.
Ijtimoiylashuv – individning ijtimoiy tajribani o‘zlashtirish jarayoni va faolligi bo‘lib, bu o‘z navbatida muloqot va faoliyatda namoyon bo‘ladi. Ijtimoiylashuv jarayoni jamiyatdagi turli o‘zgarishlar va maqsadga yo‘naltirilgan tarbiya natijasida stixiyali tarzda kechadi. Ijtimoiylashuv jarayonini turli psixologik ilmiy maktablar turlicha tahlil qilganlar: 1) neobixeviorizm namoyandalarining fikricha, ijtimoiylashuv – bu ijtimoiy o‘rganishdir; 2) interaksionizm vakillarining fikricha, o‘zaro taʼsirlar natijasi; 3)gumanistik psixologiya vakillarining taʼriflashicha, «Men» konsepsiyasining namoyon bo‘lishidir.
Ijtimoiylashuv serqirra jarayon bo‘lib, yuqorida keltirilgan psixologiyaning ilmiy maktablari namoyandalari uning faqat bir tomonigagina asosiy urg‘u beradilar. Hozirgi kunda jahon psixologlari ijtimoiylashuv muammosini ijtimoiy xulq-atvorni boshqarishning dispozitsion konsepsiyasi nuqtai nazaridan ko‘rib chiqishga harakat qilmoqdalar. Bu konsepsiya shaxslararo munosabatlarga kirisha olish darajasiga bog‘liq ijtimoiy xulq-atvorni boshqarish tizimini tahlil qiluvchi dispozitsiyalar iyerarxiyasini o‘z ichiga qamrab oladi.
Insonlardagi shaxslararo munosabatlarda namoyon bo‘luvchi xulq-atvor tiplaridan biri agressiyadir. “Agressiya” tushunchasiga izoh berish qator qiyinchiliklarni tug‘diradi, chunki bu atama ko‘plab xatti-harakat shakllarini ifodalaydi. Odamlar biron kimsani agressiv shaxs sifatida tavsiflaganlarida, uni boshqalarni haqorat qiluvchi yoki badfeʼl, barcha narsani o‘zi istaganidek qilishni istaydigan yoki o‘z g‘oyalarini qatʼiy himoya qiladigan, yechimi yo‘q muammolar girdobiga o‘zini giriftor qila- digan inson kabi taʼriflarni keltirishlari mumkin.
Insonning agressiv xatti-harakatlarga moyilligini turlicha tushuntirishga qaratilgan dastlabki nuqtai nazarlar ichida U.Makdaugoll, Z.Freyd, G.Marrey va boshqa olimlarning «inson va hayvonlarda agressiyaning tug‘ma instinkti mavjud bo‘ladi», degan qarashlaridir. Agressiv xulq-atvor haqidagi fikr-mulohazalar XX asrning boshlarida frustratsiya nazariyasi bilan bog‘liq ravishda yuzaga keldi. Unga ko‘ra, agressivlik frustratsiyaning oqibatidir.
Bunday qarashni birinchi bo‘lib J. Dollard ilgari surdi. Ammo, ushbu ikki xil nuqtai nazar ham amaliyotda o‘z tasdig‘ini topmadi.
Agressiv xulq-atvor xususidagi yana bir nuqtai nazar L.Berkovichning ijtimoiy bilish nazariyasida bayon qilingan. Unga ko‘ra, maqsadga yo‘naltirilgan faoliyat davomida vujudga keladigan to‘siq shaxsda agressiv xatti-harakatlarni hosil qiladi. Nihoyat, agressiv xulq-atvorning kelib chiqish sabablari haqidagi eng zamonaviy nuqtai nazar bilishning kognitiv nazariyasi bilan bog‘liq holda ifodalanadi. Bu konsepsiyada agressiv harakatlar quyidagi jarayonlarning natijalari sifatida baholanadi:
1.Sub’yektning o‘z agressiv xulq-atvorini ijobiy deb baholashi;
2.Frustratsiyaning mavjudligi;
3.Affekt yoki stress tipidagi emotsional qo‘zg‘alishning kuchliligi.
R. Kratchfild va N. Livson agressiyaning bir-birini inkor etmaydigan va birday maqbul ikki tavsifini keltirganlar. Birinchisi, xulq-atvorning zohiriy (tashqi) alomatlariga asoslanadi: «Agressiya – kimgadir ziyon yetkazuvchi xulq-atvorning har qanday ko‘rinishidir». Ikkinchisi, odamning botiniy (niyatlari) bilan bog‘liq, yaʼni insonni harakatga undovchi kuchlar bilan mushtarak: «Agressiya – boshqa bir insonga ziyon yetkazishni maqsad qilib olgan har qanday xatti-harakatdir». Agressiyaning yuqorida zikr etilgan tavsiflariga monand tushunchalarga tayangan ko‘plab psixologlar agressiyani mavjudotning yashash uchun kurash bilan bog‘liq uzviy xususiyati deb hisoblaydilar.
D.Bass taklif etgan taʼriflardan biriga ko‘ra, boshqalar uchun xavf tug‘diruvchi va ularga ziyon yetkazuvchi har qanday feʼl-atvor agressiyadir.
Bir necha taniqli tadqiqotchilar tomonidan taklif etilgan ikkinchi taʼrif esa quyidagicha: u yoki bu harakatlar agressiya sifatida tasniflanishi uchun ular oxir-oqibat xafa qilish yoki haqoratlashga olib kelishi emas, balki xafa qilish va haqoratlarni maqsad qilib qo‘yishi lozim. Nihoyat, uchinchi nuqtai nazar X.Zilman tomonidan bildirilib, unga ko‘ra, agressiya o‘zgalarga tan jarohati va boshqa jarohatlar yetkazish demakdir. “Agressiya” tushunchasining talqinidagi kelishmovchiliklarga qaramay, ijtimoiy fanlar sohasidagi ko‘plab mutaxassislar uning ikkinchi nuqtai nazarda bayon etilgan maʼnosiga ko‘proq tayanadilar.
Shunday qilib, hozirda ko‘pchilik psixologlar tomonidan
«agressiya – boshqa tirik jonzotga u buni istamagan vaziyatda haqorat yoki ziyon yetkazishni maqsad qilib qo‘ygan feʼl-atvorning har qanday shakli», degan taʼrif qabul qilingan. U agressiyaga emotsiya, motiv yoki ko‘rsatma sifatida emas, balki feʼl-atvor modeli sifatida qarashni taqozo etadi. Bu muhim fikr ko‘plab chalkashliklarni tug‘dirdi. “Agressiya” atamasi ko‘p hollarda g‘azab kabi salbiy his-tuyg‘ular, haqorat qilish va ziyon yetkazish kabi motivlar, hatto irqiy va etnik xurofot bilan assotsiatsiyalanadi. Bu omillar natijasi zarar yetkazish bo‘lgan feʼl-atvorda muhim rol o‘ynashiga qaramay, ular bunday harakatlar uchun asos bo‘la olmaydi.
G‘azab boshqalarga tajovuz qilish uchun aslo zaruriy shart hisoblanmaydi, agressiya o‘ta sovuqqonlik holatida qancha yuzaga kelsa, shuncha o‘ta emotsional hayajon holatida ham sodir etiladi.
Shuningdek, agressorlarning ular tajovuz qilayotgan shaxslardan nafratlanishi yoki ularni yoqtirishi umuman shart emas. Ko‘pchilik odamlar o‘zlari yoqtirgan insonlarga zulm o‘tkazadilar. Inson agressiyasining turli-tumanligi va tubsizligidan kelib chiqib, mazkur feʼl-atvorni o‘rganishda asos tomonidan taklif etilgan konseptual chegaralanish juda foydali ekanligi ayon bo‘ldi. D.Bassning fikricha, agressiv harakatlarni uchta shkalaga asoslangan holda tasvirlash mumkin: jismoniy – verbal, faol – sust va to‘g‘ri egri. Ularning kombinatsiyalari sakkizta ehtimolga yaqin kategoriyalarni berib, ular asosida ko‘plab agressiv harakatlarni tushuntirish mumkin.
Muxtasam Sulaymonov
Samarqand davlat universiteti
psixologiya va ijtimoiy munosabatlar fakulteti o‘qituvchisi