Samarqand davlat universiteti va Xitoyning Shimoli-g’arbiy qishloq xo’jaligi va o’rmonchilik universiteti o’rtasida ilmiy-tadqiqot aloqalari mustahkamlanib bormoqda. Ushbu universitetda safarda bo’lgan SamDU olimlari bug’doy bo’yicha hamkorlikni kuchaytirish bo’yicha qator kelishivlarga erishdi.
Genetika va biotexnologiyalar kafedrasi mudiri Farid Ro’ziyev Xitoyning mazkur universitetida bug’doy tadqiqotlari bo’yicha zamonaviy ilmiy-tadqiqot laboratoriyalari va dala tajriba maydonlari faoliyati bilan tanishdi. Yetakchi olimlar tomonidan yangi bug’doy navlarini yaratish bo’yicha olib borilayotgan ilg’or tadqiqotlar va ularning natijalarini muhokama qildi. Don sifati va biokimyoviy tahlili, qishloq xo’jaligi ekinlarining stress omillarga chidamliligi va fiziologik o’zgarishlari, mutantlarni olish, molekulyar genetik tahlillar, hujayra kulturalari bilan ishlash bo’yicha olib borilayotgan tadqiqot natijalariga alohida ahamiyat qaratildi.
Olib borilgan qator uchrashuvlar va muzokaralar natijasida Shimoli-g’arbiy qishloq xo’jaligi va o’rmonchilik universitetining Agronomiya fakultetida mavjud ilmiy laboratoriyalar bilan hamkorlik ishlarini kuchaytirishga kelishildi. Bu borada SamDUning doktorant va yosh tadiqiqotchilarining ushbu laboratoriyalarda dissertatsiya ishlarini amalga oshirishlari bo’yicha kelishuvlarga erishildi.

Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati.