Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining (JSST) ma’lumotiga ko‘ra, joriy yilning 22 iyun holatiga ko‘ra, dunyoda 544,2 million nafardan ortiq bemorda koronavirus infeksiyasi aniqlangan, ulardan 6,3 million nafari, ya’ni 1,2 foizi vafot etgan.

    So‘nggi 30 kunlik tahlil etilganda, AQSH, Tayvan, Germaniya va Braziliya davlatlarida kunlik o‘rtacha kasallanish 50-100 ming holatni tashkil etmoqda. Avstraliya, Fransiya, Portugaliya, Italiya, Yaponiya va Janubiy Koreya davlatlarida yuqori kunlik kasallanish (20-30 ming) holatlari saqlanib qolmoqda. 
 
    Mamlakatimizda ham so‘nggi kunlarda kasallanganlar sonining o‘sishi kuzatilmoqda. O‘tgan ikki yil davomida, aynan, iyul-avgust oylarida kasallanish ko‘paygan edi. Ana shulardan kelib chiqib, savol tug‘iladi: bu yil ham yozning shu davrida koronavirus infeksiyasi yana “bosh ko‘taradi”mi? 
     
    Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i Bahodir YUSUPALIEV O‘zA muxbirining shu va boshqa savollariga javob berdi. 
 
    – Mamlakatimizda joriy yil 22 iyun holatiga ko‘ra, koronavirus infeksiyasi bilan kasallanganlar soni 239 ming 895 nafarni tashkil etib, ulardan 237 ming 791 nafari, ya’ni 99 foizi sog‘aygan, 1 ming 637 nafari, ya’ni 0,7 foizi vafot etgan, – deydi B.Yusupaliyev. – So‘nggi bir hafta davomida kasallanish dinamikasining biroz ko‘tarilishi kuzatilmoqda. Jumladan, joriy yilning 17 iyun kunida 90 ta, 18 iyun kuni 108 ta, 19 iyun kuni 93 ta, 20 iyun kuni 87 ta, 21 iyun kuni 82 ta, 22 iyun kuni 98ta kasallik qayd etildi. 
 
    – Kasallikka asosan qaysi yoshdagi insonlar ko‘proq chalinyapti, qaysi yosh toifadagilar kasallikni og‘ir o‘tkazyapti? O‘tgan davr mobaynida kasallikka chalinganlarning yoshi bilan bog‘liq omillar tahlil qilindimi?  
 
    – Respublika bo‘yicha ro‘yxatga olingan bemorlar yoshma-yosh tahlil qilinganda, koronavirusga chalinganlar orasida 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘rtacha 3-4 foizni, 15-19 yoshdagilar 2-3 foizni, 20-29 yoshdagilar 24-25 foizni, 30-39 yoshdagilar 16-17 foizni, 40-49 yoshdagilar 14-15 foizni, 50-59 yoshdagilar 9-10 foizni, 60 yosh va undan kattalar 16-17 foizni tashkil etmoqda. 
 
    Kasallik manbai surishtirilganda 35-40 foiz holatda oiladan, 15-20 foiz holatda bemor ko‘shnilari yoki qarindoshlaridan, 7-8 foiz holatda jamoat joylarida, 5-8 foiz holatda ish joyida yuqtirib olingani aniqlangan. 
 
    – JSST tomonidan dunyo mamlakatlarida “Omicron” shtammining “Stealth-Omicron” BA.2 varianti ustuvor shtammga aylangani ta’kidlanmoqda. Shu kunlarda virus yuqtirayotganlar ham ayni mazkur shtamm bilan kasallanyaptimi? 
 
    – Respublikamizda ham ushbu shtamm aniqlanib, xozirgi kunda koronavirus infeksiyasi bilan kasallanishda ushbu shtammning uchrayotgani kuzatilmoqda. 
 
    Innovatsion rivojlanish vazirligining Ilg‘or texnologiyalar markazida virus genomini o‘rganish (sekvenlash) bo‘yicha o‘tkazilgan tahlillarda 67 foizida “Omicron” va 33 foizida “Omicron” shtammining yangi mutatsiyadagi “Stealth-Omicron” BA.2 varianti topilgan. 
    

Bugungi kunda mamlakatimizda koronavirus infeksiyasi bo‘yicha vaziyat barqarorligi ta’minlanib kelinmoqda. Lekin o‘tgan ikki yil davomida aynan iyul-avgust oylarida kasallanish ko‘tarilganligi qayd etilgan. Shuning uchun koronavirus infeksiyasi tarqalishini oldini olish maqsadida aholini koronavirus infeksiyasiga qarshi emlash va buster dozasi bilan qayta emlash ishlarini jadallashtirish katta ahamiyatga ega. 
 
    Ayni kungacha, koronavirus infeksiyasiga qarshi emlashda qo‘llanilgan jami vaksinalar soni 57,7 million dozadan oshdi. Ulardan birinchi bosqich emlanganlar 20 million 550 ming 541 nafarni, ikkinchi bosqichda emlanganlar 16 million 856 ming 230 nafarni, uchinchi bosqich va buster doza bilan emlanganlar 20 million 355 ming 55 nafarni tashkil qildi. 
 
    12-18 yoshdagi emlanuvchilar uchun jami 1 million 587 ming 480 doza vaksinadan foydalanildi. Ulardan birinchi bosqich emlanganlar 863 ming 351 nafarni, ikkinchi bosqichda emlanganlar 675 ming 766 nafarni, uchinchi bosqich va buster doza bilan emlanganlar 48 ming 363 nafarni tashkil qilmoqda. 

 

O‘zA muxbiri 
Mohigul Qosimova 
suhbatlashdi