Hozirgi vaqtda butun dunyoda avtotransport va sanoatning jadal rivojlanishi bilan atmosfera havosi tarkibidagi is gazini aniqlashga talab ortib bormoqda. Shu sababli is gazini aniqlashning selektiv usullari va sezgir kimyoviy sensorlarini yaratish muhim ahamiyatga ega. CO2 ya’ni is gazi atmosfera havosining zararli va portlovchan tarkibiy qismlaridan biridir. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi o‘n yillikda uglerod (II) oksidi bilan zararlanishdagi o‘lim o‘tkir zararlanishdan vafot etganlarning 23,4 foizini tashkil etgan. Shu sababli gaz sezgir yarimo‘tkazgichli materiallarning yangi avlodini yaratish va ular asosida atmosfera havosi, texnologik va chiqindi gazlardagi uglerod (II) oksidi miqdorini aniqlashni ta’minlovchi selektiv yarimo‘tkazgichli gaz sensorlarini yaratish muhim masalalardan hisoblanadi.

    Samarqand davlat universiteti kimyo fakulteti magistri Shahnoza Pardayeva “Is gazini aniqlovchi sensor uchun gaz sezgir plyonka tarkibini tanlash” mavzusida ilmiy tadqiqot olib boradi.

    Jahonda zararli va portlovchan gazlarning yarimo‘tkazgichli sensorlari uchun yuqori samarali gazsezgir materiallarni yaratish borasida keng qamrovli tadqiqotlar olib borilmoqda, - deydi tadqiqotchi Shahnoza Pardayeva. - Yarimo‘tkazgichli sensorlarning tavsiflari turli omillarga, jumladan gazsezgir materiallarning tarkibiga bog‘liq bo‘lib, ular gazlar aralashmasi tarkibini aniqlashda yuqori sezuvchanlik va selektivlikni ta’minlashda muhim rol o‘ynaydi. Bu borada, yarimo‘tkazgichli sensorning gazsezgir materialining tarkibiy qismlari optimal tarkibini va nisbatlarini tanlash muhim ahamiyat kasb etadi.

    Respublikamizda atrof-muhit obyektlari tarkibining nazoratiga alohida e’tibor qaratilib, atmosfera havosi tarkibini nazorat qilish usullari va asboblarini yaratish bo‘yicha muayyan natijalarga erishilmoqda. Bu borada selektiv gaz sezgir materiallarni ishlab chiqish va ular asosida import o‘rnini bosuvchi sensorlarni yaratish, yuqori samarali, zamonaviy tezkor gaz analizatorlar va tahlil usullarini ishlab chiqish muhim ahamiyat kasb etadi.

    Ushbu ilmiy tadqiqot is gazini aniqlovchi sensor yaratish usul va texnologiyalari, gaz sezgir materiallarni tayyorlash jarayoni kabi masalalarga qaratilgan bo‘lib, u orqali ishlab chiqilgan gaz sezgir material asosida, is gazini ruxsat etilgan me’yor darajasida selektiv aniqlovchi sensorlar ishlab chiqishni yo‘lga qo‘yish mumkin bo‘ladi.  

 

Iroda Bekmurodova

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati xodimi.

Shavkat Akramov olgan suratlar.