Universitet xiyoboni XIX asrning oxirlarida barpo qilingan bo‘lib,  uning kengligi 128, uzunligi 1044 metr bo‘lgan. Mazkur bog‘ chinor, terak, qarag‘ay, akatsiya, aylantus kabi noyob daraxtlar bilan o‘ralgan 3 ta xiyobon va 2 ta yo‘lakdan tashkil topgan. Dastlab, ushbu maskan fuqarolarning hordiq chiqarish joyi sifatida barpo qilingan. So‘ngra, birin-ketin Yevropa uslubiga xos bo‘lgan binolar barpo etila boshlangan.

    U dastlab Abramov xiyoboni, sobiq Ittifoq davrida Maksim Gorkiy, mustaqillikka qadar O‘zbekiston xiyoboni, hozir esa Universitet xiyoboni deb nomlanadi. Bu yerda o‘tgan asrning 90-yillariga qadar trolleybuslar qatnovi mavjud bo‘lgan. Shuni ta’kidlash joizki, Aleksandr Abramov tashabbusi bilan Samarqandga yaqin bo‘lgan Ohalik, Cho‘ponota va Omonqo‘ton daralarida ham yong‘oq, aylantus, soxta akatsiya, qarag‘ay va archa kabi ko‘plab daraxtlar ekilgan.

    Universitet xiyoboni nomi bilan yuritiladigan ushbu go‘zal maskanda yaqin yillarga qadar juda ko‘plab qushlar makon qurgan edi. Afsuski, hozirda ularning soni yildan – yilga kamayib bormoqda. Masalan, ko‘k qarg‘a, sassiqpopushak, quloqdor boyqush, bulbul va boshqa turlarni keltirish mumkin. Ayni paytda, transport vositalarining tezkor qatnovi noyob daraxt turlari, gul-u – gulzorlar va yashil qoplamalarga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatayotganini ekolog olim sifatida aytib o‘tishimiz joiz deb o‘ylayman.

    Universitet xiyoboni Samarqandning o‘ziga xos belgisi va uning afsonaviy brendi sifatida hozir ham o‘tgan davr qiyofasi va uslubini saqlab qolgan binolarga ega. Ular o‘tmishimizni eslatgan holda shaharga noyob joziba va o‘zgacha bir zavq bag‘ishlaydi.

    Ona shahrimizning majoziy ma’noda o‘pkasi hisoblanmish betakror xiyobon aholi salomatligini asrash va havo bilan ham ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Darvoqe, havo sifatini yaxshilash va uni tozalash muammosi doimo olimlar e’tiborida bo‘lgan. Universitetimiz xiyobonida zeb berib turgan noyob archa va nina bargli daraxtlar 30 kg atrofida fitonsit moddasini ajratadi. Shu tariqa havo sifatini yaxshilashda daraxt, buta va gulu – gulzorlarning ahamiyati muhim hisoblanadi.

    Xiyobon daraxtzorlari o‘ziga xos mikroiqlim muhitini ham yaratadi, ya’ni shahar ko‘chalarida quyosh tafti baland, kuchli shovqin va chang to‘zonning ko‘tarilishi kabi salbiy holatlardan xoli bo‘ladi. Ekologik jihatdan sog‘lom muhit yaratilib, insonning to‘yib nafas olishi, shovqin - suronning bezarar o‘tish holatlari kuzatiladi. Ayniqsa, ular xiyobon atrofida transport vositalarining tinimsiz qatnovi oqibatida is gazlarining yutilishiga ham imkon yaratadi. Bundan tashqari sug‘orish shahobchalari va naylari orqali favvoralarning ishlashi iliqlik taftini bir muncha pasaytiradi va hokazo.

    Samarqandning hozirgi yashil maydonida mavjud bo‘lgan noyob botqoq sarv daraxtini alohida ta’kidlash mumkin. U o‘rtacha 600 yil umr ko‘radi, lekin o‘simlik dunyosida 4 ming va undan katta yoshdagi vakillari ham mavjud. Uning bo‘yi 50 metrga yetadi va aylanasi 10 metr atrofida bo‘ladi. Uning atmosfera uchun beradigan kislorod miqdori ko‘p va foydaliligi hisobiga ham mazkur daraxt noyob va qimmatbaho hisoblanadi.

    Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, universitet xiyoboni Samarqand shahrining ekologik sof va musaffoligini saqlashda juda ham muhim ahamiyat kasb etadi.

    Hozirgi jaziramada ham mazkur bog‘ shahrimiz fuqarolari va sayyohlar uchun sevimli joyga aylanganini alohida ta’kidlashimiz lozim.

 

Ergash Qobilov,

SamDU ekologiya va hayot faoliyati

xavfsizligi kafedrasi mudiri, professor.

Xidir Botirov, Zuvaydullo Izzatullayev,

Leyla Belyalova, Burxon Fayzullayev,

kafedra qituvchilari.