Agroturizmni rivojlantirish bizga nima uchun kerak?

Samarqand viloyatidagi agroturistik jozibadorligi yuqori bo’lgan tumanlar qaysi?
Agroturizm – bu aholi uchun qo‘shimcha dam olish maskanlarining shahar markazlaridan tashqari hududlarda, xususan, tumanlarda bo’lishidir. Agroturizmdan ko’zlangan asosiy maqsad mamlakatga tashrif buyuruvchi turistlarni yurtimizda ko’proq va mazmunli vaqt o’tkazishini ta’minlash bo’lsa, yana bir tomondan mahalliy aholining maroqli hordiq chiqarishi uchun qo’shimcha imkoniyatdir.
- Chet el mamlakatlari tajribasiga qaralsa, agroturizmdan ko’p hollarda mahalliy aholi foydalanadi, - deydi SamDU inson resurslarini boshqarish fakulteti doktoranti Akmal Amirov. - Ular o’zlarining ta’til davrlarini agroturizm obyektlarida o’tkazishni xush ko’rishadi. Xususan, Italiya va Ispaniyada aholining 25-30 qismi o’z ta’tillarini agroturizm hududlarida o’tkazishni ma’qul ko’rishlarini bildirishgan.
Albatta, agroturizmni rivojlantirish uchun biz yo’llar infratuzilmasini yaxshilashimiz, tumanlarda ham yuqori darajadagi xizmat ko’rsatish obyektlari tashkil etishimiz, turistlar uchun turar-joy va mehmonxona xizmatlarini samarali yo’lga qo’yishimiz lozim.
Tadqiqotlar doirasida viloyatimizning 14 tumanida turli izlanishlar va so’rovnomalar o’tkazdik. Bunda tumanlardagi xizmat ko’rsatish sifati, yer hududlari, o’rmonzorlari, investitsion salohiyati va boshqa omillar hisobga olinib, yakunda Samarqand, Jomboy, Urgut, Oqdaryo, Toyloq tumanlari agroturizm uchun eng jozibador hududlar deya topildi. Hozirda viloyatimizning boshqa tumanlarida agroturistik jozibadorlikni oshirish ustida tadqiqot olib bormoqdamiz.
Tan olish kerakki, agroturizmni rivojlantirish – biz uchun yangi yo’nalish hisoblanadi. U faqatgina turizmni emas, balki qishloq xo’jaligi, ishlab chiqarish va xizmat ko’rsatish sohalarining ham rivojlanishiga ijobiy ta’sir ko’rsatadi. Hududning iqtisodiy o’sishi uchun o’zining munosib hissasini qo’shadi.
Ma’lumot uchun, Samarqand davlat universiteti inson resurslarini boshqarish fakulteti doktoranti Akmal Amirov mazkur mavzu bo’yicha o’zining 20 dan ortiq maqolalarini Germaniya va Indoneziya hamda respublika nashrlarida chop ettirgan bo’lib, jamoatchilikning e’tibor markazida bo’lib kelmoqda.
Otabek Sa’dullayev,
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi.
Shavkat Akramov olgan surat.